O‘zbekistonda aholi uchun gripp va pnevmoniyaga qarshi emlash punktlari tayyorlanmoqda. Bu haqda, koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, epidemiolog Rustam Ikromovning bergan ma’lumotlariga asoslanib, Daryo xabar berdi.

U har yili kuz va qishda havo tomchilari orqali yuqadigan kasalliklarning ko‘payayotgani haqida eslatib o‘tdi. Bu yil koronavirusning tarqalishini, shuningdek mavsumiy gripp va pnevmoniyani hisobga olgan holda, Rustam Ikromov bir necha patogen mikroorganizmlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, aralash infeksiya kasallik xavfi borligi haqida ogohlantirdi.

«Gripp va pnevmoniyani keltirib chiqaruvchi virusli kasalliklarning koronavirus bilan birgalikda yuzaga kelishi yanada jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishini taxmin qilishimiz mumkin», — dedi epidemiolog.

Rustam Ikromov fuqarolarni vahimaga tushmaslikka chaqirdi va hukumat kuz-qish mavsumiga epidemiologik tayyorgarlik ko‘rayotganligini ma’lum qildi.

«Davlat darajasida aholini gripp va pnevmoniyaga qarshi emlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Vaktsinalarni sotib olish va vaktsinatsiya punktlarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ushbu ishlar sentyabr oyida boshlanadi», — dedi u.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabining xodimi «Gazeta.uz» ga tasdiqlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 iyuldagi (567-sonli) qarori bilan, davlat byudjeti hisobidan bepul emlash faqat yuqumli kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan, shu jumladan, mehribonlik uylarida, qariyalar va nogironlar uchun «Saxovat» pansionatlarida, «Muruvvat» nogironlar va nogiron bolalar uchun internat uylarida, bolalar shaharchalari va bolalar uylarida, shuningdek jismoniy yoki aqliy rivojlanishda zaifliklarga ega bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalarida (maktablar, internatlar) yashovchilar uchun ekanligi ko‘zda tutilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar 2019−2020 yillar mavsumi davomida grippga qarshi 29,9 ming dozali vaksinalar sotib olingan bo‘lsa, 2020 yil sentyabr-oktyabr oylarida ijtimoiy muassasalarda yashovchi 38,5 ming kishini emlash rejalashtirilgan. Dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi O’zmedimpeks davlat unitar korxonasi tomonidan o‘tkaziladigan tenderlar asosida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan sotib olinadi.

Davlat xaridlari grippga qarshi vaksinalarni sotib olishning yagona manbai emas. Bundan tashqari, korxonalar va tashkilotlar ham o‘z xodimlari orasida kasallik tarqalishining oldini olish uchun vaksinalar sotib olinadi. Emlashlar xususiy emlash markazlarida pullik tarzda amalga oshiriladi.

Rustam Ikromovning ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda gripp va pnevmoniyaga qarshi 200−300 ming kishi emlangan.