Dehqonobod kaliy zavodi 2018−2020 yillardagi faoliyati davomida atrof-muhitga keltirgan zarari uchun qo‘shimcha 855,5 mln so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati Dehqonobod tuman ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i O‘ktam Jo‘lliyevga tayanib ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning 4 iyundagi «Dehqonobod kaliy zavodi» AJ da tekshirish o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Shunga ko‘ra, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining 12 iyun kuni «Dehqonobod kaliy zavodi» AJ da tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va qonunosti hujjatlari talablari ijrosi ta’minlanishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish haqida buyruq chiqarilgan.

Qayd etilishicha, zavod 2018 yilda 10 mln 107 ming so‘m, 2019 yilda 6 mln 962 ming so‘m, 2020 yilning o‘tgan davri uchun esa 2 mln 698 ming so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lagan.

«Endilikda jamiyat shu to‘lovlarga qo‘shimcha yana 855 million 500 ming so‘m kompensatsiya to‘laydi», — deydi O‘ktam Jo‘lliyev.