O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar bilan telefon orqali muloqotda Balx viloyatida 20 avgust kuni sodir bo‘lgan «So‘g‘diyona trans» sho‘ba korxonasi vakillariga qurolli hujum hodisasi muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

ATN News telekanalining mahalliy huquqni muhofaza qilish organlariga tayanib xabar berishicha, hujum Xayraton shahriga tutash shaharchada sodir bo‘lgan. Afg‘on jamoat muhofazasi kuchlari harbiy xizmatchisi o‘ldirilgan, O‘zbekiston fuqarosi jarohatlangan. Noma’lum shaxslar ularning avtomobiliga o‘q uzgan. Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik «Xayraton — Mazari-Sharif» temir yo‘l loyihasi xodimi bo‘lgan.

TIVning qayd etishicha, Hanif Atmar mamlakatning vakolatli organlari tomonidan voqea tafsilotlari sinchkovlik bilan tekshirilayotganini va unga aloqadar shaxslar javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini so‘radi.

«So‘g‘diyona trans» SHK 2011 yil dekabrida O’zbektemiryo’lekspeditsia unitar korxonasi («O‘zbekiston temir yo‘llari» tuzilmasiga kiradi) qoshida «Xayraton — Mazari-Sharif» temir yo‘lidan foydalanish va unga xizmat qilish uchun tashkil etilgan.