Chiroqchida YTH natijasida 3 kishi vafot etdi, deya xabar berdi IIV YHXBB axborot xizmati.

19 avgust kuni soat 18:30 larda, Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani 4R-84 «Yakkabog‘-Chiroqchi-Sho‘rbozor» avtomobil yo‘lining 38-kilometrida haydovchi 1987 yilda tug‘ilgan B.E. «Neksiya» rusumli avtomobilni boshqarayotib, quvib o‘tish qoidalarini buzishi oqibatida qarshisidan harakatlanib kelayotgan haydovchi 1983 yilda tug‘ilgan O.S. boshqaruvidagi «NOWO» rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Natijada, «Neksiya» rusumli avtomobil haydovchisi 33 yoshli B.E. hamda yo‘lovchilari 67 yoshli B.X. va 1 yashar A.N.lar og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan.

Ushbu avtomobil yo‘lovchisi 26 yoshli O.T. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Chiroqchi tumani IIO FMB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.