Toshkentning Yashnobod tumanida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSH)ning sobiq direktori katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblanmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida fuqaro O. D. 2016−2018 yillarda «I-K» XUJMSHni boshqargan. Shu vaqt ichida u rafiqasi Sh. nomiga «T. S.» va tanishi S. nomiga — «T. M.» MCHJlarini ochib, o‘zi ham ularda norasmiy ravishda ish olib borgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda XUJMSH tarkibiga kiruvchi ko‘p qavatli binolarni ta’mirlash uchun sobiq direktor bankdan 461,2 mln so‘m miqdorida kredit olgan va yuqorida qayd etilgan kompaniyalar bilan vositali shartnomalar tuzgan. Shundan so‘ng, u dalolatnomalarga 229,3 mln so‘mlik ishlarning bajarilgani haqida soxta ma’lumotlar kiritgan.

Ushbu holat yuzasidan O. D. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘ta katta miqdordagi pulni talon-toroj qilish yoki o‘zlashtirish orqali o‘g‘irlash), 228-modda 1 va 3-qismlari (kalbaki hujjatlar, shtamplar va muhrlar tayyorlash, sotish yoki ularni qo‘llash) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov davom etmoqda.