2017 yildan Kaliforniya senatori bo‘lib kelgan 55 yoshli Kamala Xarris AQSH Demokratik partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi. Bu haqda Demokratlar milliy kongressi raisi, Missisipi shtati kongressmeni Benni Tompson ma’lum qildi.

11 avgust kuni Jo Bayden, AQSH Demokratik partiyasining prezidentlikka nomzodi, Kamala Xarrisni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlaganini e’lon qilgan edi. Jo Bayden unga «qo‘rqmas kurashchi va mamlakatning eng yaxshi xizmatchilaridan biri» deya ta’rif berdi.

Kamala Xarris 1964 yil 20 oktyabrda Kaliforniya shtatining Oklend shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda Govard universiteni tamomlagan, so‘ngra 1989 yilda Kaliforniya universiteting Xastings yuridik kollejida huquqshunoslik ixtisosligi bo‘yicha doktorlik unvonini qo‘lga kiritgan.

Xarris 2004—2011 yillarda San-Fransisko okrugi prokurori, 2011−2017 yillarda Kaliforniya bosh prokurori sifatida ishlab kelgan. 2017 yildan beri Kaliforniya senatori bo‘lgan.

2019 yil 21 yanvar kuni Xarris prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qilgan edi. Ammo 2020 yil 8 martda o‘zining Twitter saxifasida kampaniyasi yakunlangani haqida e’lon qilib Jo Bayden nomzodligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, mamlakatning oq bo‘lmagan aholisi vakili bo‘lgan ayolning ushbu lavozimga nomzod bo‘lishi AQSH tarixida ilk bor kuzatilmoqda.