Belarusda Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda mamlakat bosh prokurori Aleksandr Konyuk ma’lum qildi.

«Bu kabi kengashlarning tashkil etilishi va faoliyati davlat hokimiyatini egallab olish, shuningdek, Belarus milliy xavfsizligiga zarar yetkazishga qaratilgan», — dedi bosh prokuror.

Ushbu jinoiy ish mamlakat jinoyat kodeksining 361-moddasi (Belarus milliy xavfsizligiga zarar yetkazishga qaratilgan harakatlarga chaqiruv) bo‘yicha qo‘zg‘atildi.

Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya tarafdorlari tomonidan tashkil etilgan Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig‘ilishi 19 avgust kuni bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi TUT.by portali. Eslatib o‘tamiz, kengash, uning ta’sischilariga ko‘ra, hokimiyatni topshirishni tashkil etish va jamiyat roziligini ta’minlash maqsadida tuzilgan.

Kengash prezidiumiga adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich, Viktor Babarikoning saylov shtabi sobiq rahbari Mariya Kolesnikova, sobiq madaniyat vaziri Pavel Latushko, advokat Liliya Vlasova, Minsk traktor zavodining ish tashlash bo‘yicha komissiyasi faoli Sergey Dilevskiy, advokat Maksim Znak va Svetlana Tixanovskayaning ishonchli vakili Olga Kovalkova kirgan.

Yig‘ilishda zo‘ravonlikka chek qo‘yish, siyosiy mahbuslarni ozod etish va saylov natijalarini bekor qilish talabi ilgari surilgan rezolyutsiya qabul qilindi. Kengash prezident ma’muriyati bilan aloqa o‘rnatishga uringanini, ammo bu natija bermaganini aytdi. Mariya Kolesnikovaning ta’kidlashicha, kengash o‘z oldiga konstitutsiyaviy tuzum va tashqi siyosatni o‘zgartirish maqsadini qo‘ymagan va tinch namoyishlarga chiqish orqali o‘z fikrlarini ifoda etuvchi insonlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Belarusda bir haftadan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. Bunga mamlakatda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari natijalari sabab bo‘ldi. Saylovda Aleksandr Lukashenko 80,1% natija bilan g‘alaba qozondi. Uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa 10,1 foiz ovoz to‘plagan, 4,59 foizi barchasiga qarshi ovoz bergan. Tixanovskayaning tarafdorlari uning g‘alaba qozonganiga ishonishmoqda.

Chorshanba kuni «Belaruskaliy», «Naftan», «Grodno-Azot», MTZ va MZKT korxonalarida norozilik aksiyalari davom etdi. Shu bilan birga, Aleksandr Lukashenko tarafdorlari va muxoliflarining mitinglari ham bo‘lib o‘tdi.

Noroziliklar paytida xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘q uzilgan brestlik Gennadiy Shutov Minsk kasalxonasida vafot etdi. Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, erkak huquq-tartibot idoralari xodimlariga hujum qilgan va ulardan birining qurolini egallamoqchi bo‘lgan. Bu prezidentlik saylovlaridan beri namoyishlarning uchinchi qurboni. Birinchisi Aleksandr Taraykovskiy bo‘lgan. U, Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlariga portlovchi moslamani tashlamoqchi bo‘lgan, biroq portlovchi uskuna uning qo‘lida portlagan. Gomelda esa namoyishlarning birinchi kunida sevgan qizining oldiga ketayotganda hibsga olingan 25 yoshli Aleksandr Vixor vafot etgan.

Xalqaro hamjamiyat Belarusdagi vaziyatga turlicha munosabat bildirmoqda. Yevropa Ittifoqi saylov natijalarini tan olmadi, ovoz berish natijalarini qalbakilashtirish va zo‘ravonlik uchun javobgarlarga qarshi sanksiyalarni qo‘llash rejalashtirilmoqda. Litva Tashqi ishlar vazirligi mamlakatga kirishi ta’qiqlangan shaxslar ro‘yxatiga Aleksandr Lukashenka va yana 31 amaldorni kiritdi.

Rossiya hukumati Belarusdagi vaziyatga bilvosita va hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuv sodir bo‘layotganini aytmoqda, ammo bu davlatlarning aniq nomlari aytilmagan. Bundan tashqari, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Muvofiqlashtirish kengashi a’zosi Pavel Latushko tomonidan bir kun oldin e’lon qilingan, Rossiyaning Belarus muxolifati bilan suhbat olib borishni rejalashtirilmayotganini, buning ichki ishlarga aralashuv bo‘lishini ta’kidladi.