Xorazmda kadastr bo‘limi boshlig‘i tadbirkordan 20 ming dollar pora talab qildi. Bu haqda Bosh prokuratura «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Tuproqqal’a tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i M.R. «D.» MCHJsining ish yurituvchisi R.dan tumandagi Gurlan massivi hududidan baliqchilik ko‘li tashkil qilish uchun 15 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga 20 000 AQSH dollari pora talab qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Xorazm viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, mas’ul porani olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan M.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.