Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Dilshod Shuxratovich Ikromov Yagona umumrespublika protsessing markazining (YeOPS, Uzcard brendi) bosh direktori bo‘ldi. Bu xabarni Markaziy bank matbuot xizmati ham «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.


Ushbu tayinlovga qadar Dilshod Ikromov Markaziy bankning Axborot texnologiyalari departamenti direktori lavozimida ishlagan. Ilgari u Milliy banklararo protsessing markazi (NMPS, Humo brendi) direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

YeOPSning sobiq rahbari Axror Mahmudov uni 2017 yil oktyabridan beri boshqarayotgan edi. Spot nashriga bergan intervyusida u dastlab davlatga tegishli bo‘lgan Uzcard kompaniyasining keyinchalik qanday xususiylashtirilganligini aytib bergan edi.

«Meni bosh direktor lavozimiga tayinlashganida, asosiy boshqaruvchi ingliz kompaniyasi edi. Bozor o‘zgarishni boshlaganligi sababli, HUMO to‘lov tizimi ko‘rinishida alternativa paydo bo‘ldi, xorijiy sheriklar bozorni tark etishga qaror qilishdi. Sotish bo‘yicha muzokaralarning uzoq jarayoni boshlandi. Shunda men kompaniya rahbari sifatida 75 foiz aksiyani sotib olish istagini bildirdim. Men kredit bo‘yicha ma’lum miqdorni oldim. Qarz yuki ko‘paya boshlaganida, men Uzcard dagi ulushimni sotishga qaror qildim (2020 yil may oyida). Yangi rahbar (Oybek Turusunov — tahr.) mening investitsiya majburiyatlarimni o‘z zimmasiga oldi», — deya tushuntirgan u.

Avgust oyi boshida Uzcard muassislari yana o‘zgardi. O‘zmilliybank 51% aksiyalarni, O‘zsanoatqurilishbank, Asaka bank, Ipoteka bank va Aloqabank — har biri 6% dan, qolgan 25% ni esa jismoniy shaxslar sotib olishgan.