Samarqand viloyatining Urgut tumanida «Moskvich-412» haydovchisi M. A. (1991 y. t.) yo‘lni velosipedda kesib o‘tmoqchi bo‘lgan besh yoshli Z. Sh. ni urib yubordi, deya xabar qildi viloyat IIB matbuot xizmati.

Hodisa 17 avgus kuni taxminan 16:00 da «Ipakli» mahallasining ichki yo‘lida sodir bo‘lgan.

Bola olgan tan jarohatlari tufayli tuman shifoxonasida hayotdan ko‘z yumgan.

Urgut tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga olib kelsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xuddi shunga o‘xshash holat 13 avgust kuni Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida ham sodir bo‘lgan edi. Nexia-2 haydovchisi avtomobilni mast holatda boshqarib, velosipedda ketayotgan ikki bolani urib yuborgan va ularning o‘limiga sababchi bo‘lgan edi.