Davlat test markazi OTMlarga kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun tanlangan joylar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatga 65 ta maydoncha kiritilgan.

Kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida 2 ta, Buxoro, Xorazm va Jizzax viloyatlarida 3 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 4 ta, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 6 ta, Samarqand viloyatida — 7 ta maydoncha ajratilishi kutilmoqda.

Toshkentda esa kirish test sinovlari 17 joyda o‘tkaziladi. Shulardan 3 tasi «Paxtakor» stadioni hududida, 4 tasi — Milliy bog‘da, 2 tasi — Talabalar shaharchasi xiyobonida (O‘zbekiston Milliy universiteti yonida), 5 tasi — Ashxobod bog‘ida, 1 tasi — yangi G‘alaba bog‘ida va 2 tasi — poytaxtdagi Botanika bog‘ida.

Bu yil 1 million 361 ming 473 nafar abituriyentning test sinovlarida qatnashishi kutilmoqda. Prezident raisligida 6 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa 1 million 484 ming abituriyent bakalavriat dasturiga kirish uchun ariza topshirgani xabar qilindi.

Eslatib o‘tamiz, universitetlarga kirish imtihonlari 2 sentyabrda boshlanadi va ikki hafta davom etadi.