Qo‘qon shahar hokimligi matbuot хизматинингмаълумотига ko‘ra, shahar ko‘chalarini isiriq tutatib, «dezinfeksiya» qilingan videoda «Toza hudud» korxonasi xodimlari tomonidan qilingan hazil aks ettirilgan.

18 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Qo‘qon shahri ko‘chalarida isiriq bilan dezinfeksiya qilinmoqda» sarlavhasi ostida videolar tarqaldi. Unda korxona emblemasi tushirilgan yuk mashinasida ketayotgan sabzirang jiletdagi erkaklar shahar ko‘chalarini isiriq bilan «dezinfeksiya» qilayotganligi aks ettirilgan.

Qo‘qon shahar «Toza hudud» DUK tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, korxona hodimlari shahar va shahar atrofidagi maishiy chiqindilarni yig‘ib olishlari davomida maishiy chiqindilar bilan birga olingan cho‘g‘langan isiriq qoldiqlarini o‘chirish maqsadida avtomashina harakatlanayotganda bir-biriga hazil qilib, o‘ynashib, o‘zlarini ko‘rsatish uchun isiriq to‘liq yonib tugaguncha yo‘l-yo‘lakay tutatib ketishgan.

«Ularning bu xatti-harakatlari shaharda olib borilayotgan koronavirusga qarshi dezinfeksiya ishlari bilan bog‘liq emas. Qo‘qon shahar hokimligi yoki boshqa mutasaddilar tomonidan mazkur holat bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmagan», — deyiladi xabarda.