Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risidagi» O‘zbekiston qonuni loyihasi e’lon qilindi. Qonun loyihasi IIV tomonidan ishlab chiqilgan.

Loyihaga ko‘ra, miting, yig‘ilish va namoyishlarni haftaning ish kunlari soat kunduzi 10:00dan 18:00gacha vaqt oralig‘ida o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bir joyda va bir vaqtning o‘zida bir ob’ekt yonida ikki yoki undan ortiq miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

Qonun bilan miting, yig‘ilish va namoyishlar davomiyligi ikki soatdan oshmasligi belgilanadi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsatnoma olish

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat olish uchun ariza tashkilotchi yoki ularning vakillari tomonidan mahalliy ijro etuvchi xokimiyat organlariga yozma yoki elektron shaklda, miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishigacha o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda taqdim etilishi lozim.

Arizaga miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish reglamenti ilova qilinadi, unda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

  • ijtimoiy faollikning shakli (miting, yig‘ilish va namoyishlar, shu jumladan ko‘cha yurishi, piket o‘tkazish va fleshmob);
  • maqsadi;
  • o‘tkaziladigan joy (joylar), ishtirokchilarning harakatlanish yo‘nalishlari;
  • boshlanish va tugallanish sanasi va vaqti;
  • ishtirokchilarining taxminiy soni;
  • foydalaniladigan targ‘ibot materiallarining ro‘yxati, shuningdek, tovushni kuchaytiruvchi texnik qurilmalar;
  • tashkilotchi (tashkilotchilar) yoki ularning vakili (vakillari)ning familiyasi, ismi, sharifi, shuningdek, u/ularning yashash manzili yoki turar joyi, telefon raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • tashkil qilish va o‘tkazishni moliyalashtirish manbalari.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat olish uchun berilgan murojaatning qonun talablariga muvofiqligi маҳаллий ijro etuvchi xokimiyat organlari tomonidan o‘n ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.

Taqiq va cheklovlar

Miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish davomida quyidagilar taqiqlanadi:

  • ularni konstitutsion tuzumni tajovuzkorlik yo‘li bilan ag‘darish, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘ash, zo‘ravonlik va urushni targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazish;
  • davlat organlari va tashkilotlar, korxona va muassasalarning ish faoliyatiga to‘sqinlik qilish;
  • shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi yolg‘on ma’lumotlarni qasddan tarqatish;
  • miting, yig‘ilish va namoyish o‘tkaziladigan hududda transport vositalaridan foydalanish;
  • niqob va ular shaxsini vizual aniqlashni qiyinlashtiruvchi va boshqa vositalardan foydalanish, shuningdek inson hayotiga taxdid solishi va sog‘lig‘iga shikast yetkazishi hamda atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatuvchi qurilmalar va boshqalardan foydalanish;
  • alkogol ichimliklar, giyohvand moddalar yoki boshqa moddalar ta’siri ostidagi mast holatda ularda ishtirok etish, shuningdek spirtli ichimliklar, psixotrop va inson irodasi va aqliy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilish.

Quyidagi holatlarda miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazish taqiqlanadi:

  • Prezident, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar boshlanishidan bir kun avval va saylov kuni saylov uchastkasi yopilgunga qadar;
  • referendum o‘tkazilishidan bir kun oldin va saylov uchastkasi yopilgunga qadar;
  • Prezident va Hukumatning alohida qarorlari asosida o‘tkazilayotgan muhim davlat ahamiyatiga molik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davomida, ular o‘tkaziladigan shahar va tumanlar hududlarida.

Xorijiy davlatlar, xalqaro, xorijiy nohukumat va notijorat tashkilotlar tomonidan, yoki ularning topshirig‘iga asosan boshqa shaxslar tomonidan miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun moliyalashtirish va mulk taqdim etishga ruxsat berilmaydi. Fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish evaziga miting, yig‘ilish va namoyishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Tashkilotchilarga qo‘yiladigan talablar

Loyihaga muvofiq, to‘liq mas’uliyatni zimmasiga oladigan 18 yoshga to‘lgan bir yoki bir necha O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari miting, yig‘ilish va namoyishlar tashkilotchisi bo‘lishi mumkin. U namoyishlar davomida tovushning balandlik darajasi qonunga muvofiq bo‘lgan, tovushni kuchaytiruvchi texnika vositalaridan foydalanishi mumkin.

Tashkilotchi o‘zini farqlovchi belgi taqishi kerak.

Qonun tashkilotchilik qila olmaydiganlar ro‘yxatini ham belgilaydi. Ularga sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, mamlakat hududida faoliyati tugatilgan NTT a’zolari yoki rahbarlari, sudlangan, ozodlikdan mahrum etilganlar saqlanadigan joyda va probatsiya xizmati nazoratida bo‘lgan shaxslar va boshqalar kiradi.

Ishtirokchilar

O‘n olti yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari miting, yig‘ilish va namoyishlar ishtirokchilari bo‘lishi mumkin.

Ishtirokchilar namoyishlar maqsadlariga muvofiq boshqa jamoat harakatlarining qarorlarini muhokama qilishda va ularni qabul qilishda ishtirok etishlari, fuqarolarning talablarini va boshqa murojaatlarini qabul qilish hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, davlat organlariga va tashkilotlarga yuborishlari mumkin.

Namoyishlarni o‘tkazish joyi va vaqtiga qo‘yiladigan talablar

Miting, yig‘ilish va namoyishlarni mahalliy ijro etuvchi xokimiyat organlari tomonidan maxsus ajratilgan joylarda o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, quyidagi ob’ektlar va hududlardan 300 metrgacha masofada miting, yig‘ilish va namoyishlar uchun, shuningdek, ishtirokchilarning harakatlanish yo‘nalishi uchun joy ajratish taqiqlanadi:

  • davlat xokimiyati va boshqaruv organlarining ma’muriy binolari, mahalliy ijro etuvchi xokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, harbiylashtirilgan, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar;
  • chet el diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar binolari;
  • sudlar va jazoni ijro etish muassasalari binolari;
  • havo, temir yo‘l, suv va avtomobil transporti tizimiga tegishli binolar, inshootlar va hududlar;
  • chegara zonalariga va qo‘riqlashning alohida turlariga tegishli hududlar;
  • ijtimoiy ob’ektlar joylashgan bino va hududlar (ta’lim, tibbiyot, bolalar muassasalari va boshqa muassasalar;
  • dafn etish joylari va diniy tashkilotlar joylashgan joylar;
  • ommaviy axborot vositalari joylashgan binolar;
  • tarixiy va madaniy yodgorliklar;
  • xususiy mulk ob’ektlariga taalluqli bo‘lgan bino va hududlar.

Bevosita tarixiy va madaniy yodgorliklar hisoblangan ob’ektlar joylashgan hududlarda miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish uchun joy ajratishda, Madaniyat vazirligi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda ruxsat beriladi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar qonun talablariga nomuvofiq tashkil etilgan vaziyatda, ularni to‘xtatib turish uchun quyidagilar asos bo‘la oladi:

  • miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish vaqtida ishtirokchilar tomonidan jamoat tartibining buzilishi holatlari;
  • shaxslarning sog‘ligiga, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilinishiga tahdid soladigan holatlar;
  • Reglamentga amal qilmaslik.

Tashkilotchi va ishtirokchilar tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilishi va mazkur qonun talablarining qasddan buzilishi, huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi talablarni bajarmaslik, jamoat xavfsizligi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga haqiqiy tahdidni yuzaga keltiruvchi holatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelsa ushbu tadbirlar tugatiladi.

Ushbu Qonun siyosiy partiyalar va boshqa diniy tashkilotlar tomonidan yig‘ilish va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazilishida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi O‘zbekiston qonunchiligi bilan belgilanadi.

Vazirlik ushbu qonun loyihasini tayyorlashda Rossiya, AQSH, Qozog‘iston, Turkmaniston, Germaniya, Fransiya, Estoniya va Ozarbayjon davlatlarining tajribalarini o‘rgangan.

Qonun loyihasining muhokamasi 2 sentyabrgacha davom etadi.