Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hamda poytaxtimiz aholisiga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahri «Mashinasozlar metro bekati» — Bo‘stonliq «Yusufxona qo‘rg‘oni» yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi, deya xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur avtobus yo‘nalishining masofasi bir tomonga qariyb 83 km.ni tashkil etadi. Avtobuslar ushbu masofani 1 soatu 35 daqiqada bosib o‘tadi. Ushbu yo‘nalishga Toshkent viloyati Qibray tumaniga qarashli «Toshkent viloyati shaharlararo yo‘lovchi tashish avtosaroyi» MCHJ tomonidan zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan YUTONG avtobuslarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi.


Harakatlanish jadvaliga muvofiq bir kunda 18 ta qatnov amalga oshiriladi. Har kuni soat 6−00 da ilk avtobus «Mashinasozlar metro bekati»dan yo‘nalishga chiqadi. Kun davomidagi oxirgi avtobus qatnovi «Yusufxona qo‘rg‘oni» dan soat 20−55 Toshkent shahri tomon yo‘lga chiqadi.

Ushbu yo‘nalishda yo‘lkira haqi 10 ming so‘m etib belgilangan.

Mazkur yo‘nalishdagi avtobus qatnovi O‘zbekiston bosh vaziri tomonidan «Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tumandagi mavjud muammolarni bartaraf etishni jadallashtirish choralari to‘g‘risida» o‘tkazilgan yig‘ilishda Transport vazirligiga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi, deyiladi xabarda.