Dunyoning 85 mamlakatida milliy diyetalar bo‘yicha ko‘rsatmalar va ularning inson salomatligi va atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha birinchi tadqiqot o‘tkazilgan. Ushbu tahlil Oksford, Garvard, Tafts va Adelaida universitetlari olimlari tomonidan o‘tkazilgan va natijalar iyul oyida BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (YUNEP) homiyligida nashr etilgan.

BMT yangiliklar markazining xabar berishicha, hisobotda asosan don mahsulotlari, dukkakli ekinlar, meva va sabzavotlar kabi o‘simliklarga asoslangan diyetaga o‘tish nafaqat inson salomatligi, balki atrof-muhit uchun ham foydali bo‘ladi. Ammo hozirgi kunga qadar, diyetaga oid milliy ko‘rsatmalarning aksariyati ushbu yondashuvga amal qilmaydi.

«Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun agar o‘simliklarga asoslangan diyetaga o‘tilmasa, yerdan foydalanishda, toza suv olishda va biogeokimyoviy oqimlarda (o‘g‘itlarni ishlatishda) cheklovlar qo‘yilmasa xavf oshib boraveradi», — deb hisoblashadi tadqiqotchilar.

Mutaxassislar hukumatlarga chorva mahsulotlarini, xususan mol go‘shti va sut mahsulotlarini iste’mol qilishni cheklash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berishlarini maslahat bermoqda.

«Kam meva va sabzavotlardan iborat va ko‘proq qizil va qayta ishlangan go‘shtdan iborat ovqatlanish tartibi butun dunyoda, ko‘pgina mintaqalarda inson salomatligiga eng jiddiy tahdidlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, ular og‘ir iqtisodiy oqibatlarga olib keladi, chunki yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va 2-toifa diabet kabi nosog‘lom parhezlar bilan bog‘liq surunkali kasalliklar qimmat jarrohliklarni talab qiladi», — deyiladi hisobotda.

Bugungi kunda issiqxona gazlari chiqindilarining chorak qismi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelar ekan. Olimlar odamlarning daromadining oshishi, mol go‘shti va sut mahsulotlariga ko‘proq moyillik keltirib chiqarayotganidan jiddiy xavotirda, bu kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish SO2 va metan chiqindilarini keltirib chiqaradi.

YUNEP vakili Niklas Xagelbergning ta’kidlashicha, issiqxona gazlari emissiyasi darajasi bizning oshpazlik xohish-istaklarimizga bog‘liq. Uning fikricha, hukumatlarning bu boradagi tavsiyalari va ovqatlanish qoidalarining o‘zi yetarli bo‘lmaydi. U bugungi kunda «mamlakatning agrar siyosatiga mos keladigan aniq va izchil strategiya» zarurligini ta’kidladi.

YUNEP boy mamlakatlarda hayvonlar va yuqori darajada qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘p miqdorda iste’mol qilishni cheklashga va kambag‘al mamlakatlarda to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanishni yaxshilashga chaqirmoqda. Faqat shu yo‘l bilan, ular yerdan foydalanish samaradorligini oshirishi va butun dunyoda sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish mumkinligiga ishonishadi.