O‘zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab hojatxonalar bilan ta’minlanmagan AYOQSHlarga neft mahsulotlari va gaz yetkazib berish to‘xtatilishi, shuningdek, ularning litsenziyalari vaqtinchalik to‘xtatilishi mumkin. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 sentyabrdagi «Yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 793-son qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlanmagan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGQS) va avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari (AYOQS)ning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida turizm hamda unga bevosita bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi 10 iyulda 433-son qarorni qabul qildi. Unga ko‘ra, sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYOQSlarning 2020 yilning 1 sentyabrdan faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

AGTKS, AGQS va AYOQS hududida sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlanmaslik hamda Respublika va Hududiy ishchi guruh a’zolari tomonidan aniqlangan kamchiliklarning 2020 yilning 1 sentyabriga qadar bartaraf etilmasligi:

  • «O‘ztransgaz» AJ va «Hududgazta’minot» AJ hududiy bo‘linmalari tomonidan — AGTKSlarga gaz yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatish;
  • «O‘zbekneftgaz» AJ hududiy neft bazalari tomonidan — aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmagunicha AYOQSlarga neft mahsulotlari yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatish yoki Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 18 sentyabrdagi «Avtomobil yonilg‘isi quyish shoxobchalarining ishini takomillashtirish va respublika iste’molchilarini neft mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 397-sonli qarori talablariga muvofiq neft mahsulotlari yetkazib berish shartnomasini bekor qilish;
  • Neft, gaz hamda gaz kondensatini qazib chiqarish, qayta ishlash va sotish, magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash komissiyasi tomonidan — litsenziya talablari va shartlari belgilangan tartibda bajarilmaganligi munosabati bilan AGTKS va AYOQSlar orqali siqilgan va suyultirilgan gazni sotish faoliyatini amalga oshirish litsenziyasining amal qilishini to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin.

Hukumatning 793-son qarorida qayd etilishicha, respublikadagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish bo‘yicha mavjud 4000dan ortiq stansiyalarning atigi 20 foizi sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan ta’minlangan. Bu esa fuqarolar, shu jumladan turistlarning ko‘plab murojaatlari va shikoyatlariga sabab bo‘lmoqda.