Mayitni o‘likxonadan chiqarish evaziga 200 AQSH dollari talab qilgan ekspert ushlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament «Gazeta.uz» ga.

Sud tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Toshkent shahar filiali boshlig‘i o‘rinbosari va o‘rindoshlik asosida komission ekspertizalar bo‘limi sud-tibbiy eksperti Z.U. o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro I. ning 15 avgustda vafot etgan qarindoshi A. ning murdasini o‘likxonadan chiqarib berish evaziga 200 AQSH dollarini tamagirlik yo‘li bilan talab qilib olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan. Bu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Z.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.