Qonunchilik palatasida mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi taklif etilmoqda, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

17 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining videokonferens aloqa tarzidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab «Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qonun loyihasiga yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga ta’qiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha ularning vakolatlarini cheklash taklif etildi. Shuningdek, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yish vakolatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish va shu kabilarni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish kutilmoqda.

Shu bilan birga, taklif etilayotgan qonun loyihasi mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilganligi aytilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi Oliy sud tomonidan Prezidentning 2019 yil 13 dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 6-bandining ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.