17-avgust (dushanba kuni) Tesla Inc. aksiyalari 11 foiz o‘sishni ko‘rsatib rekord darajadagi pog‘onaga ko‘tarildi. Bu xaqda Bloomberg nashri ma’lumot berdi.

Bu ko‘rsatkichlar Ilon Maskning sof boyligini 7,8 milliard dollarga oshirganidan so‘ng, tadbirkor dunyodagi eng boy odamlar orasida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Bu yilning o‘zida Tesla kompaniyaning aksiyalari 339 foizga o‘sdi. 2020 yilda Maskning boyligi 57,2 mlrd dollarga o‘sib, umumiy 84,8 mlrdni tashkil etdi.

Maskdan ko‘ra faqat Jeff Bezosning boyligi ko‘proq oshgan. Dunyoning eng boy odami, Amazon kompaniyasi asoschisi Jeff Bezosning boyligi bu yil 73 mlrd dollarga o‘sdi va umumiy 188 mlrd dollarga yetdi.

Alohida aytib o‘tish joizki, Sovid-19 pandemiyasi ko‘proq odamlarni internetdan foydalanishga jalb qilgani sababli, texnik aksiyalar sezilarli o‘sishni namoyish etdi. Bunday o‘zgarishlar eng boy odamlar orasida uchinchi o‘rinni egallab turgan Facebook asoschisi Mark Sukerbergni sentimilliorderlar (boyligi 100 mlrd ko‘p bo‘lgan insonlar) safiga qo‘shilishiga sabab bo‘ldi.

Bloomberg Billionaires indeksiga ko‘ra Microsoft asoschisi Bill Geyts 121 mlrd dollar boyligi bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.