Bosh prokuratura BEVERLee Businees faoliyatini o‘rganishni boshlagan. Bu haqida Bosh prokuratura matbuot xizmati O‘zAga xabar bergan.

Avvalroq, O‘zA BEVERLee Businees kompaniyasining firibga asoslanganligi va o‘z mahsulotlarini koronavirusga davo sifatida pullayotganligi haqida yozgan edi.

«"BEVERLee Businees» mas’uliyati cheklangan jamiyati go‘yoki Yaponiyada ishlab chiqarilgan marjon kalsiy biologik faol qo‘shimchasini yuzdan ortiq kasalliklarga, hatto kar, soqov, ko‘rlikni ham tuzatuvchi shifobaxsh dori sifatida tanishtirmoqdalar. Telegram tarmog‘idagi «BEVERLee salomatlik akademiyasi», «BEVERLee club Qoʼshimcha daromad» guruhlarida «Aktivnыy korallovыy kalsiy» va «Koenzim QH» biologik faol qo‘shimchalarni 200 dan ortiq dardga davo sifatida reklama qilib, tarmoqli biznes yo‘li orqali sotishmoqda. A’zo bo‘lish uchun 390−400 AQSH долларига 9 ta mahsulotni sotib olishingiz lozim. «BEVERLee Businees» vakillari mahsulot Olmaotadan kelishini, ammo Yaponiyada ishlab chiqarilishini aytishadi. Ushbu jamoaning Telegram sahifalarida turli guruhlari mavjud bo‘lib, ular bir necha yillardan beri saflarini kengaytirib kelmoqdalar", — deyiladi tahliliy maqolada.


Foto: O‘zA.

Shuningdek, kompaniya 120−300 nafar hamkor to‘plagan vakillariga avtomobil sovg‘a qilishni va’da berayotgani tilga olingan. «Avtomobilga ega bo‘lish ilinjida marjon kalsiyini saratondan tortib, soqovlikni ham tuzatib yuborishiga xaridorlarni aniqrog‘i sodda odamlarni ishontirishingizga to‘g‘ri keladi», — deydi muallif.

O‘zA BEVERLee Businees kompaniyasining shubhali faoliyati to‘g‘risida 2019 yilning dekabrida ham tahliliy maqola e’lon qilgan edi. Biroq, shunga qaramasdan, unga nisbatan shu paytgacha hech qanday chora ko‘rilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil sentyabr oyida O‘zbekistonda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat olib borganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulklarni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat olib borish hamda bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan OAV yoki telekommunikatsiya tarmoqlari hamda internetdan foydalangan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, EKIHning 300 dan 500 barobarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etish yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘ladi.

Mazkur faoliyat juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.