Yilning o‘tgan 7 oyi davomida respublika hududida 3012 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Shulardan 808 tasi o‘lim bilan bog‘liq va 2204 tasi tan jarohati bilan bog‘liq hodisalardir. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

2019 yilning xos davrida ushbu ko‘rsatkich bu yilgidan 9,6 foizga ko‘proq bo‘lgan, ya’ni 3333 tani tashkil etgan.

So‘nggi yetti oy ichida sodir etilgan YTHlarning 1387 tasi piyodalar, 503 tasi bolalar va 101 tasi velosipedchilar ishtirokida ro‘y bergan. Bundan tashqari, 918 ta holatda to‘qnashuv, 208 tasida to‘siqqa urilish, 185 tasida ag‘darilish, 51 tasida turgan avtomobilga urilish va 16 tasida ot-aravani urib yuborish holatlari sodir etilgan.

YTHlarning 48,8 foizi davlat ahamiyatidagi yo‘llarda, 27,8 foizi mahalliy yo‘llarda, 23,4 foizi halqaro yo‘llarda ro‘y bergan.

Ko‘pincha, ya’ni 28 foiz holatlarda YTH piyodaning belgilanmagan joydan kesib o‘tishga urinishi oqibatida kelib chiqqan. Shuningdek, 16 foiz holatlarda belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 9,3 foizida piyodaning yo‘lga to‘satdan chiqishi, 6,7 foizida quvib o‘tish yoki yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqish, 3,4 foizida velosipedlarning yo‘lning qatnov qismida harakatlanishi va 2,3 foizida avtomobilni mast holda boshqarish hodisalarning sodir etilishga sabab bo‘lgan.

YTHlarning katta qismi (62,9 foizi) kun davomida ro‘y bergan. 37,1 foizi esa tun vaqtida sodir etilgan.