Endilikda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari soni, ularning yuridik manzillari, saqlanayotgan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar endi maxfiy hisoblanmaydi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazir so‘nggi vaqtlarda chet el jazoni ijro etish tizimi tajribasi atroflicha o‘rganilib, tahlil qilib chiqilganligini aytgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator davlatlarda jazoni ijro etish tizimiga oid masalalarga tegishli ayrim ma’lumotlar internet tarmog‘ida umumiy foydalanish uchun ochiqligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot tuzilmalari tomonidan ushbu mamlakatlar penitensiar tizimiga doir aniq ma’lumotlarga asoslangan reytinglar tuzish va unga xolis baho berish imkoniyatini beradi.

Londonda joylashgan Qamoqxonalarni tadqiq qilish xalqaro markazi tomonidan 2019 yilda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 150 nafar jazo o‘tayotgan shaxs to‘g‘ri kelishi, tizimda 43,9 ming nafar shaxs saqlanayotganligi ko‘rsatilib, O‘zbekiston bu borada 222 davlat ichida 105-o‘rinni egallagan.

«Aslida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligining liberallashtirilishi natijasida so‘nggi o‘n yillikda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar soni keskin qisqardi. Real holatga ko‘ra, bugungi kunda jazoni ijro etish tizimidagi mahkumlar soni 22,9 ming nafarni tashkil etib, har 100 ming aholi soniga nisbatan 67 nafar shaxs to‘g‘ri keladi. Ushbu raqamlar birinchi marotaba ochiqlanmoqda», — dedi vazir.

«Ushbu ma’lumotlarning ochiqlanishi O‘zbekistonning mazkur ro‘yxatdagi ko‘rsatkichi 70 pog‘onaga yaxshilanishini ko‘rsatadi. Hozirda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufida 43 jazoni ijro etish muassasasi va 11 tergov hibsxonasi mavjud. Muassasalarning 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi. Jazoni ijro etish tizimidagi koloniyalarning sig‘imiga nisbatan saqlanayotganlar ko‘rsatkichi 56,4 foizni tashkil qilmoqda», — dedi Po‘lat Bobojonov.

Jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyati, ishlab chiqarilayotgan tovar mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bundan buyon rasmiy saytlarda e’lon qilib borilishi aytildi. Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar orasidagi o‘lim holatlari hamda tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llaniladigan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham endilikda maxfiy sanalmaydi.

Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarni statistik ma’lumotlar bilan izohlash va xalqaro reytinglardagi o‘rnini aniq ifoda etish hamda yurtdoshlarimiz va xorijiy ekspertlarning jazoni ijro etish tizimiga oid aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi, deb hisoblaydi vazir.

Ma’lumotga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalariga qarashli korxonalarda 100 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mehnatga layoqatli mahkumlarning 80 foizga yaqini foydali mehnatga jalb etilgan. 2019 yil va joriy yilning o‘tgan davri davomida 3 ming 559 yangi ish o‘rni yaratilib, 1ming 352 nafar mahkum mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitildi va ularga tegishli sertifikatlar berildi.

«2020 yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida shunday korxonalar tomonidan 100,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ishlayotgan har bir mahkumga o‘rtacha 700−800 ming so‘m, ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha esa, 1,5−2 million so‘mgacha oylik maosh berilmoqda», — dedi Po‘lat Bobojonov.