Yevropaning neft qazib oluvchi kompaniyalari o‘zlarining rivojlanish rejalarini qayta ko‘rib chiqishmoqda. Buyuk Britaniyaning BP kompaniyasi avgust oyi boshida mamlakatlarda yangi geologik hududlarni o‘rganishdan butunlay voz kechishini e’lon qildi, deya xabar berdi Bloomberg.

Kompaniyalar muqobil energiyani rivojlantirish va issiqxona gazlari chiqindilari uchun to‘lovlarning oshishi borgan sari ko‘proq konlarni foydasiz holga keltirmoqda deb hisoblashadi.

So‘nggi oylarda Yevropaning neft qazib olish sohasidagi mutaxassislari endilikda milliardlab dollarlik neft va gaz zahiralari hech qachon qazib olinmasligini tan olishdi, deb yozadi Bloomberg.

Hozirgi sharoitda ba’zi konlarning rivojlanishi ikki sababga ko‘ra foydasiz bo‘lib bormoqda: 2020 yilgi neft inqirozi G‘arb mamlakatlarining qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishini tezlashtirdi va issiqxona gazlari chiqindilariga Yevropa kvotalari 10 yillik maksimal darajaga qimmatlashdi.

Neft kompaniyalarining yangi konlarni o‘zlashtirishdan voz kechish harakatini Britaniyaning BP kompaniyasi boshlab yubordi. Kompaniya neftga bo‘lgan talabning pasayishidan eng ko‘p zarar ko‘rganlardan biriga aylandi. 2020 yilning ikkinchi choragida BP 6,7 mlrd dollargacha zarar ko‘rdi. 4 avgust kuni kompaniya 2030 yilga kelib neft va gaz qazib olishni 40 foizga qisqartirish niyatida ekanligini va ushbu rejaning bir qismi sifatida yangi mamlakatlardagi konlarni qidirishdan butunlay voz kechishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, BP qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish darajasini 50 gigavattga yetkazmoqchi.

Koronavirus inqirozi oldinroq aytib o‘tilgan qidiruv va qazib olish hajmining pasayishi tendensiyasini tezlashtirdi, deya xabar beradi Rystad Energy konsalting kompaniyasi. Kompaniya dunyodagi qazib olinadigan neft zahiralarining qariyb 10 foizi (125 mlrd barrel) endi hech qachon qazib olinmasligini taxmin qilmoqda.

Bloomberg tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, birinchi navbatda qazib olinishi qiyin bo‘lgan zahiralarning qisqartirilishi ma’lum bo‘ldi. Fransiyaning Total kompaniyasi iyul oyida 8,1 mlrd yevro miqdoridagi aktivlarini hisobdan chiqarib tashlashga majbur bo‘ldi.

Neft sohasidagi mutaxassislar Braziliya, Angola va Meksika ko‘rfazi qirg‘oqlaridagi zahiralardan voz kechilishi mumkinligini aytishmoqda.