17−18 avgust kunlari O‘zbekiston hududining katta qismi g‘arbiy oqim ta’sirida bo‘ladi, mamlakatga Kaspiy dengizi ustida shakllangan kam nam va nisbatan salqin havo kirishi va ko‘pchilik hududlarda bulutlilikning ortishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Haftaning ilk kunlarida Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi viloyatlari, respublikaning tog‘oldi va tog‘li tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Mamlakatning ayrim joylarida shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi mumkin.

Butun respublika bo‘yicha haroratning pasayishi kutilmoqda. Seshanba kuni havo harorati 28−33 darajagacha, janubda 34−37 darajagacha pasayadi.

19 avgustdan atmosferadagi g‘arbiy oqimlar janubi-g‘arbiy oqimlar bilan almashadi. Respublika hududiga xorijiy janubdan issiq va quruq havo oqimi ko‘tariladi.

19−21 avgustda butun respublika bo‘yicha ob-havo asosan kam bulutli bo‘ladi, harorat biroz ko‘tariladi. Agar 19 avgustda kunduzgi harorat 28−33 daraja atrofida bo‘lsa, 20−21 avgust kunlari kunduzi havo 34−37 darajagacha isiydi, deyiladi O‘zgidromet xabarida.