Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibining xabar berishicha, koronavirus bilan kasallangan bemor vafot etsa, bemorni dafn etish jarayoni mutaxassislar nazoratida o‘tadi.

Xabarda aytilishicha, bemor vafot etgan taqdirda hech qachon biror shifokor uni shunday chiqarib yaqinlariga berib yubora olmaydi. Bunday holat yuz bergan taqdirda, o‘sha xodimga nisbatan chora ko‘riladi.

«Birinchidan, jasadni uning yaqinlariga berish jarayoniga davolovchi shifokor aralashmaydi. Ikkinchidan, barcha ishlar patologik anatomiya muassasasida belgilangan tartibda bajariladi. Qolaversa, muassasa xodimi jasadni o‘rashdan oldin, albatta uning yuzini yaqinlariga ko‘rsatib, aniqlik kiritadi. Barcha jarayonlar hujjatda to‘la aks etadi», — deydi Respublika patologik anatomiya markazi direktori, professor Rajabboy Isroilov.

Hozirgi kunda koronavirusdan vafot etgan bemorlarni dafn etish jarayoni Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Respublika sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.

Vazirlik vakili ushbu sharoitda aholidan turli xil mish-mish va asossiz xabarlarga ishonib qolmaslikni so‘radi.

Oldinroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi pandemiya sharoitida mayyitni, xususan koronavirusdan vafot etgan marhumlarni yuvish, kafanlash va dafn etish marosimlari qanday o‘tkazilishi borasida tushuntirish bergan edi.