Respublikada bo‘lib o‘tgan onlayn qabul jarayonlari yakuniga ko‘ra, eng yosh abituriyent 13 yoshda deb e’lon qilingan edi. Surishtiruvlarga ko‘ra abituriyent yoshini kichraytirganlikda gumon qilinmoqda, deya xabar berdi O‘zA.

22 iyul kuni Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida eng yosh abituriyent 13 yosh va eng yoshi ulug‘ abituriyent 95 yoshda ekanligi haqida ham ma’lumot berilgan edi. O‘zAning olib borgan surishtiruvlariga ko‘ra, 13 yoshli ekanligi aytilayotgan X.A. ismli abituriyent 2009−2010 o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan hamda 2019−2020 o‘quv yilida o‘sha maktabning 11-sinfini tamomlagani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni X.A. o‘qish jarayonida 1-sinfdan 11-sinfgacha to‘liq ta’lim olgan, ya’ni o‘qish davrida sinfdan sinfga sakratilmagan.

Ushbu ma’lumot aniqlangach, Xalq ta’limi vazirligi ko‘magi bilan X.A. istiqomat qiladigan tumanning FHDYO bo‘limiga murojaat qilish orqali uning 2003 yil 3 dekabrda tavallud topgani ma’lum bo‘ldi. Bundan kelib chiqadiki, abituriyent aslida 16 yosh (dekabr oyida 17 yoshga to‘ladi), u maktabning 1-sinfiga qabul qilingan paytda 6 yosh bo‘lgan.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, X.A.ga 2019 yil aprel oyida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2006 yil 3 dekabrda tug‘ilganligi aks etgan fuqarolik pasporti berilgan. Fuqarolik pasporti rasmiylashtirilayotganda, hozircha ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, X.A.ning yoshi 3 yilga kichraytirilgan. Shuningdek, abituriyentning futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi.

O‘zPFL aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan X.A. futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi va tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida ro‘yxatda turgan, professional futbol ligasida hozircha o‘yinlar o‘tkazmagan.

Aniqlangan yuqoridagi holatlarda hujjatlarni qalbakilashtirishga oid jinoyat alomatlari bo‘lishi mumkin, deyiladi O‘zA xabarida. Hozirda to‘plangan barcha materiallar qonun doirasida ko‘rib chiqilishi uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.