16 avgustga o‘tar kechasi Londonda Qozog‘iston birinchi prezidentining nevarasi 29 yoshli Aysultan Nazarboyev olamdan o‘tdi.

«Oilam sevimli Aysultanning o‘limi munosabati bilan chuqur qayg‘uda va ushbu og‘ir soatlarda jamoatchilikning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishini hurmat qilib, to‘g‘ri tushunishadi, deb umid qilamiz», — deyiladi Darig‘a Nazarboyevaning o‘zi rahbarlik qilayotgan Nursulton Nazarboyev jamg‘armasi saytida e’lon qilingan murojaatida.

Zakon.kz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Aysultan Nazarboyevning o‘limiga yurakning to‘xtab qolishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Aysultan Nazarboyev 1990 yil 26 avgust kuni Darig‘a Nazarboyeva va marhum tadbirkor Raxat Aliyev oilasida dunyoga kelgan.

U Ostonadagi Xalqaro uzluksiz ta’lim kolleji hamda Avstriyadagi Amerika xalqaro maktabida tahsil olgan. 2010 yilda Sandxerstdagi Qirollik harbiy akademiyasini tamomlagan.

2012−2013 yillarda Qozog‘iston Mudofaa vazirlari Bosh razvedka boshqarmasida ishlagan.
2017 yil fevral-oktyabr oylarida Qozog‘iston Futbol federatsiyasining FIFA, UEFA va milliy federatsiyalar bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan.