Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq 15 avgustdan boshlab mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovlari boshlanadi.

Xususan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan joriy yil 15 avgustdan boshlab mahalliy yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich poyezdlar harakati qayta tiklanadi. Quyidagi yo‘nalishlarda poyezdlar qatnovi boshlanadi:

  • Toshkent — Samarqand — Buxoro — Toshkent yo‘nalishida 2 ta Afrosiyob poyezdi;
  • Toshkent — Samarqand — Qarshi — Toshkent yo‘nalishida 1 ta Afrosiyob poyezdi;
  • Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishida 2 ta yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘lovchilar chiptalarni temiryo‘l kassalaridan, shuningdek, onlayn tarzda ham xarid qilishlari mumkin.

Mahalliy yo‘nalishlarda avia qatnovlarni tiklash jarayoni ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi tomonidan 15 avgust sanasidan e’tiboran quyidagi yo‘nalishlarda mahalliy aviaqatnovlar tiklanadi.

  • Toshkent — Nukus — Toshkent (haftasiga uch marotaba);
  • Toshkent — Urganch — Toshkent (haftasiga uch marotaba);
  • Toshkent — Termiz — Toshkent yo‘nalishida (haftasiga ikki marotaba).

Yo‘lovchilardan poyezdlar va samolyotlar bortiga chiqishda, vokzal va aeroportlar hududida hamda yo‘l davomida sanitariya gigiyena qoidalariga doimiy ravishda qat’iy rioya qilishlari talab qilinadi.

Mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovini tashkil etishda doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yo‘l qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yo‘l vagonlari (shu jumladan, har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazish hamda havosini zararsizlantirish tizimini joriy etish choralari ko‘riladi.