Vazirlar Mahkamasining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun zahira yaratish maqsadida 2020 yildagi davlat byudjeti xarajatlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokama uchun Regulation.gov.uz saytida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, respublika byudjeti deyarli 706 mlrd so‘mga maqbullashtiriladi.

Jumladan, byudjet tashkilotlarida (tibbiyot, tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylaridan hamda mehnatga haq to‘lashning 1−3-razryadlari qo‘llaniladigan xodimlardan tashqari) ishlaydigan xodimlarga rejalashtirilgan moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishini oktyabr-dekabr oylari uchun 2021 yilning 1 yanvariga qadar to‘xtatib turiladi. Bunda 296 mlrd so‘m tejaladi.

Budnan tashqari, byudjet tashkilotlarida asosiy vositalar sotib olish uchun 55,4 mlrd, xizmat safarlari uchun 15,9 mlrd, joriy ta’minlash uchun 17,1 mlrd va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish to‘xtatiladi.

Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orishni joriy etish uchun rejalashtirilgan 98, 9 mlrd so‘m, qishloq xo‘jaligi uchun zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlariga ajratilgan 60 mlrd so‘m ham maqbullashtiriladi.

Shuningdek, mahalliy byudjetlarning 326 mlrd so‘mlik xarajatlari optimallashtiriladi. Bundan tashqari, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan xarajatlar bo‘yicha limitlar ham qayta ko‘rib chiqiladi. Natijada 130 mlrd so‘mcha mablag‘ iqtisod qilinadi.

Maqbullashtirilgan mablag‘lar kelgusida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlariga yo‘naltirish uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Qaror muhokamasi 28 avgustga qadar davom etadi.