O‘zbekiston prezidenti «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
  • islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;
  • Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;
  • «jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalq, ayniqsa, yoshlarga yetkazish.

Qayd etilishicha, markaz direktori Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Qaror bilan Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha vasiylik kengashining tarkibi tasdiqlandi. Vasiylik kengashi Markaz faoliyatini muvofiqlashtiradi, unga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda ko‘maklashadi hamda faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Shuningdek, xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya ta’sis etildi.

Bundan tashqari, hujjatda Markaz hamda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami tashkilotiga (ICESCO) a’zo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari o‘rtasida samarali xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar belgilangani mu’lum qilinmoqda.

Qarorda «El-yurt umidi» jamg‘armasi muntazam ravishda Markaz ilmiy xodim va tadqiqotchilarining xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishi qayd etib o‘tildi.