17 avgustdan O‘zbekistonda barcha diniy tashkilotlar faoliyatiga ruxsat berildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
va O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmatlari xabar qildi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, diniy tashkilotlarda karantin talablari va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi. Jumladan:

  • masjidlarning kirish joyini dezinfeksion «to‘shak"lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari, pirometrlar (kontaktsiz harorat o‘lchagich) bilan ta’minlash;
  • har bir fuqaro masjid ichida tibbiy niqobda bo‘lishi, hududga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;
  • masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish (harorat o‘lchash va tashqi alomatlar), tana harorati 37ºS va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;
  • ibodat vaqtida ijtimoiy masofalanishni saqlash, fuqarolar orasidagi masofani 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda);
  • har bir masjidning kirish qismiga kasallikdan saqlanish, hududda karantin talablariga qat’iy amal qilish, xususan, 65 yoshdan katta fuqarolarni masjidlarga vaqtincha tashrif buyurmay turishlari tavsiya etilishi to‘g‘risidagi axborot lavhalarini o‘rnatish;
  • masjid ma’muriyati tomonida ish faoliyatni karantin davrida tashkil etish bo‘yicha tegishli buyruq va ichki tartiblarni ishlab chiqish (bunda yoshi 65 yoshdan ulug‘ fuqarolarni vaqtincha tashrif buyurmay turishlarini tavsiya etish);
  • masjidlarda juma namozini vaqtincha ado etmaslik;
  • hududiy Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan masjidlarning barcha xodimlari bilan tushuntirish ishlarini tashkil etish;
  • ushbu xizmat tomonidan belgilangan muddatda (har 3 kunda yoki haftada bir marotaba) masjidlardagi sanitariya-epidemiologik holatni o‘rganish va tavsiyalar berish;
  • masjidlar binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;
  • masjidga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik;
  • tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovunlar bilan ta’minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda foydalanish kabi tartib-intizomlarga qat’iy rioya qilish belgilandi.