O‘zbekistonda BMT koronavirus pandemiyasining eng zaif aholisiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan yangi Qo‘shma dasturni amalga oshirishni boshladi. BMTning Taraqqiyot dasturi matbuot xizmatining «Gazeta.uz» ga xabar berishicha, ushbu dastur byudjeti 1 mln dollarni tashkil etadi.

Dasturni amalga oshirish jarayonida O‘zbekistondagi yoshlarga huquqiy, biznes va psixologik masalalar bo‘yicha maslahatlar beriladi. Qo‘shma dastur doirasida norasmiy mehnat munosabatlarini qonuniylashtirish jarayonini osonlashtirish uchun raqamli texnologiyalardan keng foydalaniladi. Bu norasmiy ishchilar tomonidan ijtimoiy sug‘urta vositalaridan foydalanish darajasini yaxshilash, to‘lovlarni monitoring qilish, ijtimoiy himoya samaradorligi va qamrovini baholash, shuningdek, aholining eng zaif qatlamlari uchun mehnat bozorida yuzaga kelgan o‘zgarishlarga moslashuvchan munosabat bilan amalga oshiriladi.

Qo‘shma dastur quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

  1. Ishsiz qolgan norasmiy sektor ishchilarni, ayniqsa yoshlar va ayollarni, shu jumladan imkoniyati cheklangan ayollarni, yolg‘iz ayol boshchiligidagi oilalarni texnik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
  2. Qurolli mojarolar bilan bog‘liq hududlardan qaytgan oilalarga va ixtisoslashtirilgan tarbiyalash muassasalaridan qaytib kelgan bolalarga huquqiy va psixologik yordam;
  3. Ayollar va qizlarni, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarini, ishonch telefonlari va faol ma’lumot berish va targ‘ibot qilish tadbirlari orqali har tomonlama huquqiy, ruhiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
  4. Qaytib kelgan muhojirlarning zaif guruhlari va ularning oilalariga ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik va huquqiy yordam.

BMT agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, inqiroz dunyodagi eng himoyasiz guruhlarga qattiq ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Ishsiz yoki norasmiy sektorda ishlaydigan yoshlar va ayollar daromad va ijtimoiy himoyasiz qoldilar. Mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolari pul topish uchun qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar. Ayollar va qizlar zimmasiga tushayotgan g‘amxo‘rlik qilish va davolash yuki birdan ortdi. Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va zo‘ravonlik darajasi oshdi. Qurolli mojaroli hududlardan qaytgan oilalar va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan bolalar ijtimoiy-ruhiy stressni boshdan kechirmoqdalar», — deyiladi bayonotda.

«O‘zbekiston hukumati butun mamlakat bo‘ylab moliyaviy va tartibga soluvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali inqirozga qarshi keng qamrovli choralarni amalga oshirganiga qaramay, aholining eng zaif qatlamlariga, jumladan bolalar, nogironlar, ayollar, keksalar, mehnat muhojirlari va ularning oilalariga yordam ko‘rsatish ko‘lami va samaradorligi bilan bog‘liq muammolar mavjud», — deydi BMT tizimi.

Qo‘shma dastur BMTTD rahbarligida amalga oshiriladi. Shuningdek, dasturda BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) va Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ham qatnashadi.

Dastur bo‘yicha milliy sheriklar orasida Oliy Majlisi Senati huzuridagi Gender tengligini ta’minlash komissiyasi, shuningdek, Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirish, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bor.

«COVID-19 ning tarqalishi ishsizlik va qashshoqlikni kuchaytiradi, shuningdek, oiladagi zo‘ravonlik holatlari keskin o‘sib bormoqda. Yangi aholi guruhlari misli ko‘rilmagan zarbalarga duchor bo‘lmoqdalar va muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal qilish uchun ularning muhim ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish kerak», — dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzer.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Sasha Graumannning ta’kidlashicha, YUNISEF dasturi doirasida, COVID-19 davrida zaif oilalar va bolalar ehtiyojlarini aniqlash uchun oila mutaxassislari, ijtimoiy ishchilar va psixologlarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga intilib, ularga doimiy maslahat va yo‘llanma berishga harakat qilinadi.

UNFPA ning O‘zbekistondagi vakili Yu Yu: «Kasalliklar ayollar va erkaklarga turlicha ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, bu holat ayollar va qizlarga nisbatan mavjud tengsizlikni kuchaytiradi va aholining alohida guruhlarining kamsitilishini kuchaytiradi. YUNFPA zo‘ravonlikning oldini olishni COVID-19 ta’sirini kamaytirish rejalari orasiga qo‘shdi va boshpana joylarni, onlayn xizmatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda, tezkor aloqa tarmog‘ini kengaytirmoqda va gender zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan innovatsion xabar tarqatuvchi kanallar (masalan, „Net nasiliyu“ Telegram-kanali) yaratmoqda».

Xalqaro Migratsiya Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sanjarbek Toshbayev: «Minglab migrantlar sayohat cheklovlari tufayli qiyin ahvolga tushib qolishdi. Pul o‘tkazmalari oqimi — mintaqadagi bir qator mamlakatlarning asosiy hayot manbai — minimal darajaga tushib qoldi. Shuningdek, chet ellarda yuz minglab ish o‘rinlari yo‘qoldi va millionlab oilalar o‘ta qashshoqlik xavfiga duch kelmoqdalar. Qo‘shma dastur, shu qatorda, qaytayotgan muhojirlarning eng zaif guruhlari va ularning oilalarining shoshilinch ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga, ularga reintegratsiya jarayonida yordam ko‘rsatishga, shuningdek, ularga ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik va huquqiy maslahatlar berishga qaratilgan.