Prezident Shavkat Mirziyoyev «Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi karorini qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ushbu qarorga muvofiq, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Bunda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ushbu maktablar maqomiga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, qarorda tuman (shahar)larda bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktab tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali o‘qitishni muvofiqlashtirish uchun ularga oliy ta’lim muassasalarining 55 ta kafedras i biriktiriladi. Shu qatorda ishlab chiqarish tarmoqlari uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan kimyo va biologiya yo‘nalishlariga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan 47 ta professional ta’lim muassasalariga ishlab chiqarish korxonalarini biriktirilishi ham nazarda tutilgan.

Oliy ta’lim muassasalarida kimyo va biologiya yo‘nalishlarida samarali o‘quv jarayonini tashkil etish, fanlarni rivojlantirish uchun ularning 74 ta kafedrasiga 11 ta Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda ishlab chiqarish tarmoqlari biriktiriladi.

Kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini qo‘shimcha moliyalashtirish, ularni jihozlash, o‘qituvchilarga ustama haq to‘lash hamda kimyo va biologiya fanlarini o‘qitish bo‘yicha boshqa tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan maxsus jamg‘armalar tashkil etiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilari hamda rahbar kadrlarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021 yil 1 yanvardan boshlab 50 foizgacha oshiriladi.

Davlat test markaziga 2021 yil 1 fevralga qadar Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimiнi joriy qilish topshirig‘i berilgan.

Bunda Milliy sertifikatlash tizimi doirasida quyidagilar belgilandi:

  • kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash va bu to‘g‘risida milliy malaka sertifikatlarini berish belgilangan tartibda Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;
  • kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi;
  • imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega umumta’lim maktab, akademik litsey va kasb-hunar maktabi o‘quvchilari davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga tegishliligiga ko‘ra kimyo yoki biologiya fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

Qayd etilishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2021 yildan boshlab ilg‘or xorijiy tajriba asosida ta’lim muassasalari uchun kimyo va biologiya fanlaridan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish bo‘yicha milliy tanlov tashkil qiladi. Ushbu tanlov g‘oliblariga 100 million so‘mdan bir martalik mukofot pullari beriladi.

Shuningdek, 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalari o‘tkaziladi. Ushbu olimpiada g‘oliblari magistraturaga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini bir martalik mukofotlash hamda tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga davlat granti asosida imtihonsiz o‘qishga qabul qilish tizimi joriy etiladi. Shu bilan bir qatorda, 2021 yildan boshlab kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga bir marotaba oylik maoshining 100 foizi miqdorida, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida ustama haq belgilash tartibini joriy etiladi.

Bundan tashqari, tegishli vazirlik va idoralarga kimyo va biologiya yo‘nalishidagi ilmiy-texnik muammolar yechimiga yo‘naltirilgan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni ishlab chiqib, 2021 yildan boshlab har yili 10 yanvarga қадар tasdiqlash uchun Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashiga kiritish topshirig‘i berildi.