Yevropa Ittifoqi Belarus bilan munosabatlarini qaytadan ko‘rib chiqishi kerakligini va norozilik namoyishlari qatnashchilariga nisbatan zo‘ravonliklarga aloqador bo‘lgan rahbarlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashi mumkin. Bu haqda Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel rasmiy bayonotida ta’kidlanadi, deya xabar berdi Vedomosti nashri.

Borrelning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Belarusdagi prezidentlik saylovlarini «erkin emas va adolatsiz» deb hisoblaydi. Shuningdek, u Belarus hukumati oldiga norozilik namoyishlari paytida hibsga olinganlarning barchasini ozod qilishni talabini qo‘ydi.

«Biz Belarus hukumatini barcha hibsga olinganlarni zudlik bilan va e’tirozlarsiz ozod qilishga chaqiramiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Keyinroq AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo Belorusdagi siyosiy vaziyat sababli mamlakatga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishi, shuningdek, neft yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligini aytdi.

Maykl Pompeo ham bo‘lib o‘tgan saylovlarni adolatsiz deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. 10 avgust kuni saylov natijalari e’lon qilinib, unda Aleksandr Lukashenko 80,08% ovoz to‘plagani ma’lum qilingach, saylov natijalaridan norozi bo‘lganlar Minsk va boshqa shahar ko‘chalariga chiqishgan.

Shuningdek, Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya (10,09%) mamlakatdan chiqib ketishga va Litvaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.

Belarusda birinchi kuni (10 avgust) 3000 nafar, ikkinchi kuni (11 avgust) esa 2000 nafar norozilik qatnashchilari ushlangan. Namoyishchilardan tashqari, Belarus xavfsizlik kuchlari norozilik namoyishlarini yoritib borayotgan bir necha rus jurnalistlarini ham hibsga olishgan.

So‘nggi, ma’lumotlarga ko‘ra, 12 avgustga kelib namoyishlar biroz tinchroq tus olgan. Kun yarmida butun mamlakat bo‘ylab zo‘ravonlikka qarshi birdamlik mitinglari bo‘lib o‘tdi, ularda oppoq kiyimlar va qo‘llarida gullar bo‘lgan ayollar ishtirok etdi. Minskdagi namoyishlarga 200 dan ortiq shifokorlar qo‘shildi, deya xabar berdi TUT.by portali.

Belarus ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kun davomida yana 700 kishi hibsga olingan, deya xabar berdi RIA Novosti. Ta’kidlanishicha, 9 dan 13 avgustgacha jami 100 dan ortiq xavfsizlik xizmati xodimlari jarohat olgan.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari TIV rahbarlari 14 avgust kuni Belorusdagi vaziyatni muhokama qilishadi. Belorus Tashqi ishlar vazirligi bu borada g‘arblik sheriklariga mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan voqealar fonida aniq dalillarni taqdim etishga tayyorligini bildirdi.