O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12−13 avgust kunlari videoanjuman shaklida o‘tkazilayotgan inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Forum mavzusi — «Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari».

Prezident COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. «Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilishini talab etadigan ko‘plab muammolarga to‘qnash keldi», — dedi u.

«Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta’minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

U butun jahonda ko‘ngilli yoshlar yordamga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda, yangi iqtisodiy va gumanitar dasturlarni ilgari surishda faol ishtirok etayotganiga e’tibor qaratdi.

«Hozirgi zamonda intellektual va ma’naviy yetuk, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning drayveriga aylanmoqda. Bugungi kunda yangi O‘zbekiston yoshlari — mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko‘lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi bo‘lib maydonga chiqmoqda», — deya qayd etdi prezident.

U hozirgi vaqtda «O‘zbekiston yoshlari — 2025» konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksi joriy etilayotganini qo‘shimcha qildi.

«Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan ko‘plab muammolar — tinchlik va xavfsizlikka tahdidlar, terrorizm va ekstremizm, irqchilik, iqlim o‘zgarishlari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi — o‘zaro kelishilgan global hamkorlikni va mavjud muammolarni hal etish jarayonlariga yoshlarni faol jalb qilishni talab etmoqda», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning qabul qilinishi yosh avlodni ma’rifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishiga umid bildirdi. Shuningdek, forum ishtirokchilari mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, hujjat loyihasini o‘z amaliy takliflari bilan boyitishiga ishonishini ta’kidladi.