Farg‘ona viloyati So‘x tumanida vertolyotlar va samolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchasi tashkil etiladi. Bu haqda bosh vazir A.Aripov chorshanba kuni tuman faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

8 avgust kuni qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, Farg‘ona viloyati hokimligiga bir oy muddatda So‘x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Ushbu maqsadda So‘x tumani «Novobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida kichik aeroport tashkil etilmoqda. Uning maydoni salkam 10 gektarni egallaydi. Bu yerdan ilgari mahalliy aholi aeroport sifatida foydalangan. Shuningdek, «Farg‘ona» xalqaro aeroportida ham mazkur yo‘nalishda aniq tadbirlar ishlab chiqilgan, deyiladi xabarda.


Aviaqatnovlarga O‘zbekistondagi «Humo AIR» aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda O‘zbekiston havo yo‘llarining «Uzbekistan Helicopters» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli MI-8 vertolyotlarini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

An-2 samolyoti.

MI-8 vertolyoti.

An-2 samolyoti 12 ta yo‘lovchi sig‘imiga, MI-8 vertolyoti esa 16 nafardan 20 nafargacha odam olish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Yo‘lovchilar 35−40 daqiqada Farg‘onadan So‘xga yoki So‘xdan Farg‘onaga yetib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Parvozlarni hozircha kuniga 2 tadan amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Kelgusida talabga qarab aviqatnovlar ko‘payishi mumkin.

Transport vazirligi aviaqatnovlarning chipta narxlari yo‘lovchilar uchun maqbul narxlarda bo‘lishi bo‘yicha tegishli tadbirlarni ishlab chiqmoqda. Qarorda Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transporti qatnovi bo‘yicha ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun kompensatsiya to‘lovlarini joriy yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan qoplanishini va kelgusi yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlash belgilangan.