«O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimini baholash» hisoboti jamoat muhokamasi uchun e’lon qilindi. Unda ijtimoiy himoya bo‘yicha asosiy dasturlar tavsifi, ularning maqsadga muvofiqligi, ta’sirchanligi va harajatlarning samaradorligi, moliyaviy barqarorligi baholangan. Hisobotda tizimning asosiy kuchli va zaif tomonlari aniqlanib, O‘zbekiston ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish bo‘yicha bir qator xulosalar va tavsiyalar taqdim etilgan. Joylardagi baholash bo‘yicha ishlar 2018 yilning oktyabridan 2019 yilning avgust oyigacha olib borilgan.

Qisqa xulosalar

O‘zbekistonda ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy yordam va mehnat bozorini faollashtirish dasturlaridan iborat bo‘lgan, nisbatan aniq shakllantirilgan va keng qamrovga ega bo‘lgan ijtimoiy himoya tizimi mavjud, ammo umumiy aholining deyarli yarmi va kam ta’minlangan oilalarning uchdan bir qismi ijtimoiy himoya dasturlari bilan ta’minlanmagan͘.

Hozirgi kunga kelib, mamlakatda ijtimoiy himoyaning rasmiy ta’rifi qabul qilinmagan. Shuningdek, hozirgi vaqtda ijtimoiy himoya dasturlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va boshqarish bo‘yicha ixtisoslashgan muassasa mavjud emas. Ijtimoiy himoya funksiyalari turli vazirliklar va muassasalarga taqsimlangan va ushbu vazirliklar va muassalarning hech biri butun tizimni to‘laqonli qamrab olmaydi va shuning uchun ijtimoiy himoya bo‘yicha har xil turdagi dasturlarni o‘zaro muvofiqlashtirishga javobgar emas. Har bir muassasada vertikal tashkiliy tuzilma mavjud bo‘lsada, ular orasidagi idoralararo hamkorlik sust va buning natijasida turli ijtimoiy himoya dasturlari orasida gorizontal aloqalar shakllanmagan.


Infografika: «Yuksalish» umummilliy harakati.

Bunday istitutsional tarqoqlik natijasida, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini integratsiyalashga karatilgan xarakatlar amalga oshirish ancha mushkuldir.

Bunday holat jiddiy tashvish tug‘dirishi tabiiy, chunki xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki alohida bir dasturni kuchaytirish butun tizim yoki ijtimoiy yordam oluvchilar nuqtai nazaridan optimal bo‘lmasligi mumkin, va bunda butun tizimni kompleks isloh etish talab etiladi, deyiladi hisobotda.

Hisobotda keltirilgan asosiy tavsiyalardan biri bu O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaning milliy strategiyasini ishlab chiqish va uning barcha funksiyalarini yagona ixtisoslashgan muassasaga o‘tkazishdan iborat.

Ijtimoiy himoya funksiyalarini yagona ixtisoslashgan muassasada birlashtirish orqali ularning samarali integratsiyalashuvini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan huquqiy baza va siyosiy asosni yaratish kerak.

Milliy strategiya, bolalar va kattalarni ijtimoiy himoya qilish б̲йича xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilib, quyidagilarni inobatga olishi kerak:

  1. ijtimoiy himoya jamiyatning barcha a’zolariga butun hayot davomida taqdim etilishi lozim va bunda uning tashkiliy qismlari bo‘lmish ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy yordam, ijtimoiy xizmatlar va bandlik dasturlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishi kerak;
  2. ijtimoiy himoya ustuvorliklarini ehtiyojlar va huquqlar bilan muvofiqlashtirish;
  3. ijtimoiy himoyani ta’minlashda qatnashuvchi barcha tashkilotlar orasida muvofiqlikni kuchaytirish. Bunda ijtimoiy himoya muassasasi turli hildagi ijtimoiy himoya dasturlarini samarali muvofiqlashtiradi va birlashtiradi, hamda milliy miqyosda hisobdorlik va javobgarlikni ta’minlashda yetakchilik qiladi, shuningdek, ijtimoiy himoyaning milliy strategiyasini amalga oshirishning asosiy mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.


Infografika: «Yuksalish» umummilliy harakati.

Ijtimoiy himoya tizimi bilan qamrab olish

«O‘zbekiston fuqarolarini tinglash (O‘FT, 2018) uy xo‘jaliklari tanlanma so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy himoya tizimining (ijtimoiy yordam, ijtimoiy sug‘urta va mehnat bozorini faollashtirish dasturlarini o‘z ichiga olgan holda) umumiy qamrovi aholining 55 foizini tashkil etib, asosan ijtimoiy sug‘urta hisobiga to‘g‘ri keladi va bunda ijtimoiy sug‘urta tizimi o‘zi aholining 44 foizini qamrab oladi.


Infografika: «Yuksalish» umummilliy harakati.

Barcha ijtimoiy himoya dasturlari ishtirokchilarining umumiy soni 2012−2017 yillar oralig‘ida 8,1 million kishidan 6,4 million kishigacha kamaydi. Bunda ishsizlik nafaqalari va kam ta’minlangan oilalar uchun beriladigan nafaqa oluvchilar orasida eng katta pasayish qayd etildi.


Infografika: «Yuksalish» umummilliy harakati.

Hisobotning tavsiyasi quyidagidan iborat: barcha muhtoj oilalarni ijtimoiy himoya bilan ta’minlash uchun turli hil ehtiyojlarga ega bo‘lgan barcha aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya dasturlari bilan qamrab olish zarur. Bu maqsadga erishish uchun ijtimoiy himoya dasturlariga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar miqdorini oshirish, ijtimoiy himoyani tayinlashda (shu jumladan, ishsizlik nafaqalarini) aniq va oshkora mezonlarni joriy etish, rasmiy bandlik ulushini oshishi va ishsizlik holatlarini sug‘urtalash uchun zarur choralar ko‘rish, kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqalarni tayinlash mexanizmlarini takomillashtirish va ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishning sifatli tizimini yaratish zarur bo‘ladi.

Ijtimoiy himoya xarajatlari

2018 yili O‘zbekistonda ijtimoiy himoya xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 6 foizini tashkil etgan, va bu ko‘rsatkich Yevropa hamda MDH malakatlaridagi ijtimoiy himoya sarmoyalarining o‘rtacha darajasidan ancha past͘. Bu ko‘rsatgichda O‘zbekiston darajasi Qozog‘istongi yaqin bo‘lsada, Qirg‘izistonga nisbatan bir yarim baravar kam, Moldova sarmoyasi O‘zbekiston sarmoyasiga qaraganda qariyb uch baravar ko‘p, Rossiya Federatsiyasi esa YAIMining O‘zbekistonga nisbatan qariyb 10 foiz punktlariga ko‘proq sarmoya kiritmoqda.

2018 yilda ijtimoiy himoya xarajatlarining aksariyat qismi (taxminan 82,3%) ijtimoiy sug‘urta dasturlariga yo‘naltirildi va ularning ulushi 2012 yildan beri bir oz o‘sdi.


Infografika: «Yuksalish» umummilliy harakati.

Ijtimoiy yordam dasturlariga davlat byuyudjeti tomonidan sarflangan mablag‘lar 2018 yili yalpi ichki mahsulotning 0,92 foizini tashkil etdi va bu ko‘rsatkich Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida ijtimoiy yordamga sarflanadigan o‘rtacha mintaqaviy xarajatlardan past.

Mavjud dasturlarning natijalarini va samaradorligini baholash uchun davlatning ijtimoiy himoya xarajatlarining tahlil etish maqsadga muvofiq, deyiladi hisobotda.

Ijtimoiy himoyaning yangi milliy strategiyasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan sarmoyalar miqdorini hisoblab chiqish kerak va bunda mavjud mablag‘lar hamda qo‘shimcha zarur bo‘lgan mablag‘larni aniq ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Davlat xarajatlarining tahlili joriy xarajatlarning va ijtimoiy himoya tizimining ta’sirini baholash uchun faktologik asosni shakllantirishga, shuningdek, davlat xarajatlari tarkibi va yo‘nalishiga kiritish zarur bo‘lgan o‘zgartirishlarni belgilashga imkon beradi va ijtimoiy himoya sohasidagi byudjet imkoniyatlarini aniqlashga yordam beradi.

Aholining ko‘p qismi haligacha ijtimoiy ta’minotga erisha olgani yo‘q: band aholining qariyb 60 foizi norasmiy sektorda bo‘lib, badal to‘lashni nazarda tutuvchi ijtimoiy sug‘urta dasturlarida qatnashmaydi.

Butun aholi uchun minimal darajada ijtimoiy himoyani kafolatlash yondashuviga muvofiq, milliy iqtisodiyotning norasmiy sektorida band bo‘lganlar uchun ijtimoiy sug‘urta dasturlarining qamrovini kengaytirish orqali ularni ijtimoiy himoya qilinishini (shu jumladan, ijtimoiy sug‘urta, onalikni himoya qilish, munosib mehnat sharoitlari va eng kam ish haqini kafolatlash) kuchaytirish tavsiya etiladi. Ushbu chora-tadbirlar rasmiy bandlikning ulushini oshirishga mo‘jallangan umumiy sa’y-harakatlar bilan muvofiqlashtirilgan holatda amalga oshirilishi kerak.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining tavsiyalariga ko‘ra bolalar nafaqalari bilan aholi qamrov darajasini oshirish lozim. Hozirda O‘zbekiston erta demografik dividend davrida ekanligini hisobga olsak, bugun bolalarni ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilayotgan sarmoyalarning yetishmasligi yaqin kelajakda O‘zbekiston uchun inson kapitalini rivojlantirishda jiddiy xavf va bo‘shliqlarga olib keladi.

Ishsizlik bo‘yicha nafaqalar

Hozirgi kunda mehnat bozorini faollashtirish dasturlarining ham aholini qamrash darajasi cheklangan bo‘lib, ular asosan jamoatchilik ishlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va o‘qitish dasturlaridan iborat.

So‘nggi paytda bandlikni qo‘llab-quvvatlovchi faol va passiv dasturlar uchun davlat xarajatlari sezilarli darajada oshgan bo‘lsada, sezilarli darajada pastligicha qolmoqda. Bu holat, albatta, bandlik muammolari jiddiy bo‘lib turgan paytda, hayratlidir, deyiladi hisobotda.

Ishsizlik nafaqasini oluvchilar ro‘yxatga olingan ishsizlarning umumiy sonining taxminan 1 foizini tashkil qiladi. Bunday holat ijtimoiy ta’minotning xalqaro standartlarining asosi bo‘lmish ishsizlik sug‘urtasi O‘zbekistonda deyarli yo‘q deganini anglatadi.

Hisobotda mehnatga layoqatli yoshdagi aholi uchun moddiy yordam berish dasturlarini kengaytirish va ularni mehnat bozorini faollashtirish dasturlari bilan muvofiqlashtirish tavsiya etiladi͘.

Mehnat bozorini faollashtirish dasturlarida ishtirok etish hech kimni ishsizlik nafaqasini yoki kam ta’minlangan oilalar uchun mo‘jallangan nafaqani olish huquqidan mahrum etmasligi kerak, chunki, aks holda, ushbu dasturlarda ishtirok etishga yoki rasmiy band bo‘lishga bo‘lgan hoxishni pasayishiga olib kelishi mumkin. Ish topish qiyin bo‘lgan sharoitda bandlikka ko‘maklashish dasturlari ijtimoiy nafaqalarning o‘rnini bosmasligi kerak, aksincha ularni to‘ldirishi kerak.

Ijtimoiy xizmatlar

Mahalla darajasida professional ijtimoiy xizmatchilar tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yaratish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarni amalga oshirish kerak. Bu esa, o‘z navbatida, ijtimoiy xizmatlar asosan ixtisoslashtirilgan muassasalarda ko‘rsatilishiga asoslangan tizimdan xalos bo‘lishga imkoniyat yaratadi.

Ijtimoiy himoya tizimining shaffofligi

Ijtimoiy himoya tizimining shaffofligini oshirish uchun har bir pensiya, nafaqa, va xizmat bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish va o‘rganishning aniq mexanizmlarini joriy etish juda muhim.

Ijtimoiy himoya dasturlarni amalga oshiruvchi barcha tashkilotlarda axborot-xabardorlikni oshirish madaniyatini joriy etish kerak, deyiladi hisobotda.

Amaldagi nazorat tizimida nafaqa va xizmatlarni olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga ushbu nafaqa va xizmatlarni tayinlanishini oldini olish asosiy maqsad deb belgilangan, va bu, ayrim holatlarda jamoatchilikni xabardor qilishga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ijtimoiy nafaqa bilan qamrab olinmagan fuqarolar o‘z huquqlari, shu jumladan ijtimoiy nafaqa va xizmatlar xaqida to‘liq ma’lumot olishlari kerak va ular uchun ijtimoiy himoyadan foydalanishga rag‘batlantiruvchi omillar yaratish lozim, deyiladi hisobotda.