Rossiya prezidenti Vladimir Putin COVID-19 ga qarshi ilk vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida e’lon qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Vladimir Putin, shuningdek, tez orada vaksina omma uchun keng ko‘lamda ishlab chiqarila boshlashi haqida e’lon qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazilgan ushbu vaksina sinovlarda o‘zining yuqori darajada samarador ekanligini, shu bilan birga, zararsiz ekanligini ko‘rsatgan.

Vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi guvohnoma. Foto: RIA Novosti

Ushbu vaksina orqali dastlab shifokorlar emlanishi haqida xabar berildi. 1 yanvardan boshlab esa vaksina fuqarolar uchun sotuvga chiqarila boshlanadi.

Xabar berilishicha, Vladimir Putinning qizi ushbu vaksina yordamida emlangan. Emlashdan keyin uning tana harorati 38 darajaga ko‘tarilgan, ertasi kuni esa 37 darajaga tushgan.

Bundan oldin, ko‘plab farmkompaniyalar Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligini ushbu vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshmaslikka chaqirayotgan edi. Ular sog‘liqni saqlash vazirligini vaksinaning so‘nggi klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishini kutish kerakligini ta’kidlashdi.

Avvalroq esa N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu vaksinaning birinchi ilk sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Hozirda koronavirusga qarshi vaksina ustida ko‘plab mamlakatlarda ishlar olib borilmoqda. JSSTning 31 iyul kuni bergan hisobotiga ko‘ra, hozirda 177 xil nomzod-vaksinalar mavjud. Ulardan 142 tasi ilmiy tekshiruvlardan, 17 tasi ilk klinik sinovlardan, 13 tasi ikkinchi klinik tekshiruvlardan va 5 tasi uchinchi daraja klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, hozirda dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 20 mln dan oshgan. O‘zbekistonda esa COVID-19 dan kasallanish holatlari 31,5 mingga yetgan.