Rossiyaning Qozon shahridan Toshkentga 4 avgust kuni qaytib kelgan 31 yoshli denovlik erkak karantinga olingan mehmonxonada o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Mirzo-Ulug‘bek tumani prokuraturasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 10 avgust kuni, soat 10:33da Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB navbatchilik qismiga xabar kelib tushgan. Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyati, Denov tumanida yashovchi K.O. o‘z joniga qasd qilib, Mirzo Ulug‘bek tumani, BIY ko‘chasi, 115-uyda joylashgan «Sayoxat» mehmonxonasining 4-qavat 408-xonasidan o‘zini uloqtirib, vafot etgan.

Dastlabki tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borish jarayonida, ushbu fuqaro, Rossiya Qazan shahriga ishlash uchun oilasi bilan birga ketganligi, 4 avgust kuni «Charter» reys orqali Toshkent shaxriga olib kelinib, Mirzo Ulug‘bek tumani DSENB tomonidan karantinga olinib, «Sayoxat» mehmonxonasi 408-xonaga joylashtirilganligi, 7 avgust kuni «COVID 19» virusi mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash uchun test topshirganligi va 9 avgust kuni «COVID 19» kasalligi yo‘qligi to‘g‘risida test natijasi aniqlangan.

Shuningdek, fuqaro K.O. yaqin qarindoshlari bilan telefon orqali suxbat qilinganida, ular so‘ngi paytlarda K.O.ning ruhiyatida salbiy tomonga o‘zgarishlar sezilganligini va o‘zini yomon his qilib yurganligini, shu sababli uning turmush o‘rtog‘i va ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari Rossiyada qolishiga qaramasdan, uni O‘zbekistonga olib kelinganligini bayon qilishgan.

Ta’kidlanishicha, hozirda, mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilib, K.O.ning ruxiy kasallika chalingan yoki chalinmaganligi holatlariga aniqlik kiritish choralari ko‘rilmoqda.