Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) vitse-prezidenti Shisin Chen pandemiya davrida Osiyoda ko‘rilayotgan choralarni tahlil qildi va inqirozning og‘ir oqibatlarini yengib o‘tishga yordam beradigan investitsiyalarni rivojlantirishning to‘rtta yo‘nalishini taklif qildi. «Gazeta.uz» ingliz tilidagi maqolaning tarjimasini nashr qiladi.

Bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 700 mingdan ortiq odam koronavirus infeksiyasidan vafot etdi. Pandemiya ko‘plab oilalarni umidsiz qilib qo‘ydi va misli ko‘rilmagan iqtisodiy zarar keltirdi.

Pandemiyaga qarshi choralar ahamiyatli bo‘ldi: hukumatlar butun dunyo bo‘ylab turizmni to‘xtatdi, mamlakatda cheklovlar qo‘ydi, ko‘p sonli odamlarni karantinga oldi va tibbiy xizmat hajmini oshirdi. Hukumatlar vaksinani qidirishdan tashqari sinov texnologiyalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishni moliyalashtirdi.

Ammo, vaksina tayyor bo‘lib, u samarali bo‘lganda ham, barchani emlash bilan bog‘liq qiyinchiliklarni hisobga olsak, virusning saqlanib qolish ehtimoli katta. Bu esa virus tarqalishi yuqori darajaga chiqqan joylarda yana takroriy cheklovlar qo‘yilishi talab qilinishi kerakligini anglatadi. Biz bu holatni bir necha mamlakatlarda, jumladan Qozog‘iston, Hindiston, Pokiston, Xitoy va yaqinda Vetnamda kuzatdik.

Shunday qilib, biz virus bilan yashashni o‘rganishimiz kerak. Ushbu noaniq «yangi odatiy» sharoitda tezkor iqtisodiy tiklanish imkoniyatlari cheklangan. Odatdagidek biznesga qaytish dargumon va iqtisodiyotni to‘liq tiklay olmaydigan ko‘rinadi. Shunday qilib, iqtisodiyotning yuqori samarali segmentlariga e’tibor qaratish — yangi normaga erishish uchun oqilona yondashuvdir.

To‘rtta asosiy yo‘nalishni yo‘lga qo‘yish Osiyodagi rivojlanayotgan mamlakatlarga ushbu vaziyatni yengishda va iqtisodiy tiklanish yo‘lini topishda yordam berishi mumkin.

Birinchidan, sog‘liqni saqlash sohasini kuchaytirish kerak. Uzoq muddatli sarmoyalar mavjud bo‘lmaganligi sabab, nafaqat kasalxona infratuzilmasida, balki sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida ham, sog‘liqni saqlash tizimining samarali xodimlari uchun zarur bo‘lgan kadrlar zaxirasida ham jiddiy tafovut mavjud.

Pandemiyaga qarshi Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlari sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga rekord darajadagi sarmoyalarni kiritishdi. Masalan, Hindiston hukumati aprelda COVID-19 ga qarshi kurashish uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun 1,9 mlrd dollar ajratdi. So‘ngra yaqinda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli dastur e’lon qilindi. Bangladesh, Nepal, Pokiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston pandemiyaga qarshi kurash rejalarida shunga o‘xshash yondashuvlarni qo‘llashdi.

Sog‘liqni saqlash sohasida, masalan, farmatsevtika va tibbiy sug‘urta kabi sohalarda ham sezilarli tafovut mavjud. Sarmoyaning hozirgi darajasi sog‘likni saqlash tizimining keng qamroviga (UHC) erishish uchun yetarli bo‘lmasada, mamlakatlar 2030 yilga qadar UHC (United HeathCare) ga erishish ma’suliyatini o‘z zimmalariga olishdi. Sog‘liqni saqlash sektori ulkan o‘sish potensialiga ega.

Ikkinchidan, rivojlanayotgan Osiyo davlatlarida zaif bo‘lib qolayotgan va yetarlicha moliyalashtirilmagan ijtimoiy himoya sohasini jonlantirish zarur. COVID-19 ga qarshi kurashish maqsadida zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy xavfsizlik tarmoqlari orqali qamrab olish va ularga yordam ko‘rsatish uchun ko‘plab choralar ko‘rildi.

Masalan, Hindiston hukumati noyabr oyiga qadar 800 mln kishini bepul oziq-ovqat bilan ta’minlash rejasini, shuningdek, ayollar, keksalar va himoyaga muhtojlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari va bepul gaz yetkazib berishini e’lon qildi.

Pokiston hukumati 16,9 mln kam ta’minlangan oilalarga 1,2 mlrd dollarlik tezkor pul o‘tkazmalari tarqatish uchun mablag‘ ajratdi. Nepalda milliondan ortiq kam ta’minlangan oilalar shunga o‘xshash dasturlardan foydalanishdi. O‘zbekistonda kam ta’minlanganlar va himoyaga muhtojlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini kengaytirish uchun 70 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy himoya tizimlari rivojlanishning uzoq muddatli harakat rejalarini, jumladan, alohida ma’lumotlar bazasini yaratishni, ro‘yxatga olish va monitoring tizimini va kuchli byudjet yordamlarini talab qiladi. Ijtimoiy himoya sektorining rivojlanishi iqtisodiy integratsiya va barqaror o‘sish uchun yordam beradi.

Uchinchidan, raqamli texnologiyalarni kuchaytirish kerak. Pandemiya odamning xulq-atvori va ijtimoiy normalarni o‘zgartirmoqda. Uyda ishlash odamlarning fikrlarini butunlay o‘zgartirdi. Veb-seminarlar jismoniy seminarlarni o‘rnini bosayotgan bir davrda, veb-platformalar ham masofaviy ishlash va hamkorlikni yengillashtirishda o‘z samaradorligini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, raqamli texnologiyalar savdo va turizmni rivojlantirish, kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va mikromoliyalashni rag‘batlantirish uchun ham keng va samarali qo‘llanilmoqda. Ular shuningdek, hozirda hukumat, ta’minot va ta’lim sohasida tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. Raqamli texnologiyalarning strategik rivojlanishi o‘sish sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

To‘rtinchidan, global ta’minot zanjirini kuchaytirish kerak. Izolyatsiya rejimi davrida global ta’minot zanjiri deyarli to‘xtab qoldi va natijada butun dunyo bo‘ylab ishsizlar sonining ko‘payishi sabab iqtisodiy zarar ko‘rildi.

Masalan, Bangladeshning to‘qimachilik eksporti bekor qilindi yoki to‘xtatildi, Pokiston, Nepal, O‘zbekiston va Gruziyadagi xalqaro shartnomalar asosan xom ashyo yetkazib berishda uzilishlar sababli to‘xtatildi. Pandemiya global ta’minot zanjirini isloh qilish zarurligini ko‘rsatdi.

Biz yuqori darajadagi intermodal transport tizimini rivojlantirish, savdo samaradorligini oshirish va savdo va ta’minot zanjirini yanada samarali mexanizmlarini rivojlantirishga harakat qilishimiz kerak.

Bundan tashqari, xalqaro global ta’minot zanjirlari tarmog‘ini, shu qatorda yirik yetkazib beruvchilarning korxonalarini qayta joylashtirishni yanada kuchaytirish tizim tanazzulga uchragan taqdirda ham tovarlar aylanishini davom ettirishga yordam beradi. Global ta’minot zanjiri jahon iqtisodiyotining asosiy arteriyasidir va uning barqaror oqimi iqtisodiy tiklanishning asosi hisoblanadi.

Rivojlanayotgan Osiyo davlatlari ko‘plab inqirozlarni va ofatlarni boshdan kechirgan va doimo o‘zini tiklab kelgan. Bank tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan Osiyo moliyaviy inqirozidan so‘ng (1997−1998 yillarda Janubi-Sharqiy Osiyodagi iqtisodiy inqiroz — tahr.), mintaqa o‘zining muhim moliyaviy institutlarida og‘riqli, ammo zarur bo‘lgan islohotlarni boshdan kechirdi.

Ushbu islohotlar Osiyo bank tizimi uchun muhim bo‘lgan barqarorlikni ta’minlab, global moliyaviy inqirozdan o‘n yil o‘tib, uni yengishga imkon berdi. COVID-19 pandemiyasi bizni ham shunga o‘xshash tarzda ilhomlantirishi kerak — inqiroz qanchalik jiddiy bo‘lsa, islohotlar va tiklanish imkoniyati shuncha ko‘p.

Biz yangi normaga duch kelar ekanmiz, odatdagidek biznesga qaytish va iqtisodiyotni to‘liq tiklay olish dargumon ko‘rinadi. Buning o‘rniga, to‘rtta asosiy yo‘nalishdagi o‘ziga xos tiklanish yo‘llari yo‘qotishlarni qoplash, rivojlanayotgan Osiyo davlatlarining potensialini amalga oshirish imkonini beradi.