Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Namangan viloyatining Uychi hamda Norin tumanlari orasidagi daryoni kesib o‘tadigan ko‘prik qurishga kirishdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, Farg‘ona halqa yo‘lining 93-kilometrida joylashgan hamda ushbu ikki tumanni viloyat markazi bilan bog‘lab turuvchi «Norindaryo» ko‘prigida bundan 2−3 oy muqaddam darz ketish alomatlari sabab yopilgan. Mazkur ko‘prik 1962 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, qariyb 60 yilga yaqin vaqt davomida xalqqa xizmat qilib kelgan. Bugungi kunda minglab fuqarolar ishga, o‘qishga, bozorga hamda o‘zlarining boshqa ehtiyojlari yo‘lida daryoni qayiq orqali kesib o‘tishga majbur bo‘layotgandi.


Ayni vaqtda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Muhandislik qo‘shinlari xizmatining bir guruh mutaxassislari maxsus texnikalar yordamida ko‘prikni qurish ishlarini amalga oshirmoqda. Daryo uzra qad ko‘tarayotgan ko‘prik uzunligi 40 metrni, eni esa — 3,8 metrni tashkil etmoqda.


Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati avvalroq ta’mirlash ishlarini shu yilning sentyabr oyida yakunlash rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi.