Adliya vazirligi O‘zbekiston qonunchiligi tarixida ilk bor audiobuk shakliga ega normativ hujjatni tayyorladi. Bu haqda «Yangi O‘zbekiston» gazetasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, birinchi audiobuk (ovozli kitob — taxr.) ko‘rinishidagi normativ hujjat adliya vazirining «Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomani tasdiqlash haqida"gi buyrug‘i bo‘ldi.

«Notarial palata xususiy amaliyot bilan shug‘ullanayotgan notariuslarga soha bo‘yicha chiqayotgan barcha normativ-huquqiy hujjatlarni matn, audio hamda infografikalar orqali yetkazish, shu orqali notariuslarga har taraflama qulayliklar yaratishni maqsad qilgan. Bu o‘z-o‘zidan notariuslarimizning qonun hujjatlarini mukammal o‘rganishlari hamda asosiy maqsad — aholiga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatishda qo‘l keladi, deb hisoblaymiz», — deya ta’kidladi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.

Ma’lum qilinishicha, ushbu audiobuk faoliyatda qo‘llash uchun respublika hududlaridagi notariuslarga bepul tarqatilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyul kuni O‘zbekiston tarixida ilk elektron hujjat (sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i) qabul qilinib, Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.