Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ushbu hujjatda amaliyotda saqlanib qolayotgan inson huquqlari buzish holatlari, ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, tergov sifatini xalqaro standartlar asosida tubdan oshirish bo‘yicha amaliy choralar belgilangan. Jumladan:

Yarashuv institutini qo‘llash mexanizmi takomillashtiriladi. Bunda, shaxsga nisbatan tergov davrida e’lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko‘rilayotganligidan qat’i nazar yarashuv instituti doirasiga tushadigan yengilroq moddaga qayta malakalangan hollarda yarashuv institutini qo‘llash imkoniyati yaratilmoqda.

Ushlangan shaxsning huquqlari poymol bo‘lishining oldini olish maqsadida ushlab turish muddatini jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgan vaqtdan boshlab emas, balki shaxs haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash hamda shaxs amalda ushlangan paytdan boshlab, tegishli mansabdor shaxs u bilan bog‘liq surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishdan oldin himoyachi bilan xoli uchrashuvni ta’minlashi shartлиgi haqidagi qoida nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirilishi belgilandi (belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno).

Farmonga muvofiq, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga oid jinoyat ishi bo‘yicha, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash holatlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi belgilandi.

Jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini og‘ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ularning ko‘rsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga ko‘ra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qo‘yish (deponirovaniye) tartibi ham joriy qilindi.

Bundan tashqari, sudga qadar ish yuritish davrida shaxs huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida:

  • agar ushlangan ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmasa, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish;
  • tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash. Bunda, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat ular qonun talablariga asosan olingan va shaxsda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor tadbirda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo‘lgandagina sud hukmida dalil sifatida tan olinishi mumkin;
  • surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va boshqa sud protsessi ishtirokchilarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish yoki so‘roq qilish (ular bilan bog‘liq bo‘lgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirig‘i mavjud hollar bundan mustasno).
  • shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun real asoslar mavjud bo‘lgan hollarda uni guvoh tariqasida so‘roq qilish, shuningdek, protsessual huquqlarini tushuntirmasdan turib, undan biron-bir yozma yoki og‘zaki ko‘rsatuvlar olish taqiqlanmoqda.

Farmon bilan ayblanuvchining qonun va xalqaro hujjatlarda aks etgan eng asosiy huquqlaridan biri bo‘lgan ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish va ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish huquqini amaliyotda to‘liq ro‘yobga chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, agar sud tergovi vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qo‘yilmagan jinoyatni sodir etganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish bo‘yicha barcha taraflarga berish tartibi o‘rnatildi.

Ta’kidlanishicha, aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv instituti ham kiritiladi. Unga ko‘ra, ayrim toifadagi jinoyatlar bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, shuningdek, keltirilgan zararni bartaraf etgan taqdirda unga nisbatan qonunda belgilangan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdori va (yoki) muddatigacha jazo tayinlanadi.

Endilikda ushbu toifadagi jinoyat ishlari soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilib, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olinishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu prezident farmoni bilan shunday tartib ўрнатиладики, unga muvofiq:

  • tergovga qadar tekshiruv yoki tergovda ushlangan shaxsni va ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o‘tayotgan mahkumni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini guvohlantirish ularning yoki advokatining iltimosnomasiga asosan 24 soat ichida vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari yoki jazoni ijro etish muassasalari tasarrufida bo‘lmagan tibbiy muassasalar xodimlari tomonidan amalga oshirilishi shart, bunda xarajatlar iltimosnoma kirituvchi taraf hisobidan qoplanadi;
  • og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoida voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi;
  • voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari hamda pensiya yoshiga yetgan shaxslarga nisbatan uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Huquqni muhofaza qilish organlarining tergov faoliyati

Farmon bilan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligiga bilan birgalikda bir oy muddatda jinoyat ishining tergovga tegishliligi institutini yanada takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish va Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish topshirig‘i berildi.

Bunda, O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishi bir surishtiruv yoki dastlabki tergov organidan boshqasiga o‘tkazilishi faqat Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi nazarda tutilishi kerak.

Mazkur farmonga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasi tergov bo‘linmalari va Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov boshqarmasining faoliyati xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq namunaviy tarzda tashkil etiladi.

Ushbu tergov bo‘linmalari zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlangan avtotransport vositalari, protsessual harakatlarni audio va videoga qayd etish tizimlari hamda stenografiya qilish uskunalari bilan ta’minlanadi. Tergov xonalari zamonaviy tarzda, xalqaro standartlarga moslashtirilib, shaxslarning himoyachi bilan xoli uchrashishi uchun mo‘ljallagan holda tashkil etiladi.

Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish uchun jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarini texnik vositalar va uskunalar bilan to‘liq jihozlash choralari ko‘riladi.

Shuningdek, farmon bilan Bosh prokuratura tomonidan quyidagi topshiriqlarni bajarilishi ko‘zda tutilgan:

  • 2021 yil 1 yanvardan boshlab «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimi to‘liq ishga tushirilishi;
  • bir oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
  • ikki oy muddatda prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish.