AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab tasdiqlangan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar 20 milliondan oshdi.

Qayd etilishicha, umumiy COVID-19 bilan zararlanganlardan 12,35 mln nafari mazkur infeksiyadan tuzalgan va 736 ming nafari esa vafot etgan.

Eng ko‘p koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar AQSHda qayd etilgan — 5,09 mln nafar bemorda. Ikkinchi o‘rinda Braziliya joylashib, hozirda mamlakatda 3,05 mln dan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan. Hindistonda esa 2,26 mln dan ortiq koronavirus holatlari tasdiqlangan.

Qo‘shni Qozog‘istonda koronavirus holatlari soni 100 mingdan oshdi. Tojikistonda 7827 nafar, Qirg‘izistonda 40455 nafar va Afg‘onistonda 37 mingdan ortiq koronavirus bemorlari aniqlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni koronavirus pandemiyasini e’lon qilganida, dunyo bo‘ylab ushbu infeksiya bilan kasallanganlarning umumiy soni 118 minga teng edi. 2 aprel kuni esa bemorlar soni 1 mln dan oshgani e’lon qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 31545 kishiga yetgani haqida xabar berilgandi. Ayni paytda mamlakatda 22992 nafar COVID-19 ga chalingan fuqarolar sog‘aygan va 8351 kishi davolanmoqda.