Jizzax viloyatining Zomin tumani hududida Lada-Largus avtomobili va Isuzu yuk mashinasi ishtirokida fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa 10 avgust kuni soat 16:30 da tuman hududidan o‘tuvchi A-376-avtomobil yo‘lining 239-kilometrida sodir bo‘ldi. Haydovchi 42 yoshli R.A. o‘zining boshqaruvidagi Lada-Largus avtomashinada Hovos tumanidan Dashtobod yo‘nalishiga qarab harakatlanib ketayotgan vaqtida, o‘zidan oldinda ketayotgan avtomashinani quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqadi. Biroq shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 42 yoshli R.X. boshqaruvida bo‘lgan Isuzu yuk mashinasining oldi tomoniga borib uriladi.

Natijada Lada-Largus yo‘lovchilari — 31 yoshli X.B.(ayol) va 55 yoshli B.B.,(ayol) hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. Lada-Largus haydovchisi, yo‘lovchilari 30 yoshli B.B., va uning farzandlari 6 yoshli G. R.(ayol), hamda 4 yoshli R.R. turli tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.