Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekistonga umumiy qiymati 300 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 500 ta kislorod konsentratorini insonparvarlik yordami sifatida jo‘natdi, deya xabar berdi byuro matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, qislorod konsentratorlari JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida Istanbuldan amalga oshirilgan reys orqali yetkazib berildi.

Shu bilan birga, laboratoriyalar uchun zarur bo‘lgan moddalar bilan yuklangan yana bir insonparvarlik yordami shu haftaning oxirida yetib kelishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, iyul oyida JSST O‘zbekistonga umumiy qiymati 4 mln dollardan ortiq bo‘lgan uchta insonparvarlik yordami partiyasini yetkazib bergan edi. Bunda birinchi insonparvarlik yordami qariyb 620 mingta yuzni to‘suvchi shaffof qalqon va 2,2 mln dona jarrohlik niqoblaridan, ikkinchisi esa 95,2 mingta himoya ko‘zoynaklari, 178 ming kombinezon, 12 ming tibbiy niqoblar va milliondan ortiq respiratorlardan iborat edi. Iyul oyi oxirida 38,4 ming test tahlil sinovlari va laboratoriya uskunalari bilan yuqlangan uchinchi insonparvarlik yordami jo‘natilgandi.