O‘zbekiston Afg‘oniston Maslahat loya jirg‘asining 400 nafar tolib-mahbusni ozod qilish to‘g‘risidagi qarorini olqishlaydi, deya xabar beriladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

«O‘zbekiston tomoni Doxada Afg‘oniston hukumati va „Tolibon“ harakati o‘rtasida muzokara jarayoni boshlanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va afg‘on zaminida uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka erishish yo‘lida tomonlar siyosiy iroda, konstruktiv yondashuv va murosaga tayyor ekanliklarini namoyish etishlariga umid bildiradi», — deyiladi vazirlikning bayonotida.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tinchlik jarayonini ilgari surishda har jihatdan yordam ko‘rsatishda davom etishini va afg‘on xalqiga tinch kelajak, farovon davlat qurishda har tomonlama ko‘maklashishga qat’iyan tayyor ekanligini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston Maslahat loya jirg‘asining (qabilalarning oliy majlisi — tarjima tahr.) 9 avgustdagi qarori bilan «Tolibon» harakatiga mansub deb hisoblangan 400 nafar mahbus ozod etiladi. Bu afg‘onlararo (Afg‘oniston hukumati bilan «Tolibon» harakati) muzokalarni boshlash uchun o‘z hissasini qo‘shadi, deyiladi Tolo axborot agentligi xabarida.

Shuningdek, «Tolibon» rasmiy vakili Suhail Shoxinning aytishicha, mahbuslarni ozod qilish jaroyoni tugagach, harakat bir hafta ichida afg‘onlararo muzokaralarni boshlashga tayyor.