O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev «Aleksandr Lukashenkoni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, unga Belarusning barqaror taraqqiyoti va ravnaqini ta’minlash yo‘lida yangi zafarlar tiladi», deya qayd etildi xabarda.

Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi an’anaviy yaqin hamkorlikka doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar, avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiyasi bo‘yicha istiqbolli loyihalarni ilgari surish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish maqsadida o‘zaro muloqotni, shu jumladan qo‘shma Hukumatlararo komissiya doirasida faollashtirishga kelishib olindi.

Belarus prezidentligiga saylov yakshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80,08 foiz, uning eng yaqin ta’qibchisi Svetlana Tixanovskaya esa 10,09 foiz ovoz to‘pladi. Svetlana Tixanovskaya saylov yakunlarini tan olmadi va MSKga saylov yakunlarini haqiqiy emas deb tan olish talabi bilan shikoyat yo‘lladi.

Ovoz berish yakuniga yetganidan so‘ng Belarus shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. IIV ma’luotlariga ko‘ra, tun davomida 3000 kishi qo‘lga olingan, jarohatlanganlar bor.