O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni Belarus prezidenti saylovida erishgan g‘alabasi bilan qutladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ikki tomonlama munosabatlarni aniq mazmun — iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya bo‘yicha muhim loyihalar va gumanitar almashinuvga oid dasturlar bilan boyitishiga ishonch bildirdi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari Aleksandr Lukashenkoga mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi zafarlar, do‘st Belarus xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda 5 nafar nomzod ishtirok etdi. 10 avgust kuni mamlakat markaziy saylov komissiyasi saylovda 80,23% ovoz bilan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoning qo‘li baland kelganini ma’lum qildi.