O‘zbekistonda karantin cheklovlari o‘rnatilgan davrda 1 mln so‘mgacha ish haqqi oladiganlar soni ko‘paygan. Bu haqda Moliya vazirligi mamlakatning 2020 yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlan Davlat byudjeti daromadlari sharhida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 4,16 million kishi ish haqi bo‘yicha soliq to‘lagan bo‘lib, bu, o‘z o‘rnida, fevral oyidagi raqamlarga nisbatan 2,1 foizga, ya’ni 87559 kishiga kam demakdir. Mazkur ko‘rsatkich I chorakka nisbatan quyidagi asosiy omillar tufayli kamaygani aytildi:

  1. aprel oyida iqtisodiy faollikning pasayishi natijasida xususiy sektorda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining kamayishi. Bu kamayish karantin bo‘yicha qat’iy cheklovlar qabul qilingan davrda, xodimlarga, shu jumladan byudjet tashkilotlarida ta’til to‘lovlarini berish orqali qisman qoplandi;
  2. 2020 yilda xodimga to‘lanadigan va soliqqa tortilmaydigan moddiy yordam summasi MHTEKMning 4,22 baravaridan 7,5 baravarigacha oshirilishi.

Aprel-may oylarida mamlakatda 1 mln so‘mgacha ish haqi oladiganlar soni ko‘paygan — 1,67 mlndan 1,77 mlngacha (41,6 foizdan 42,6 foizgacha).

Shu bilan bir qatorda, 5,5 mln so‘m va undan yuqori ish haqi oladigan fuqarolar soni ham oshgan — 239,5 ming kishi (yanvar-mart oylarida 184,8 ming edi).

Qolgan toifadagilarning ish haqi darajasi dinamikasi pasaygan:

  • 1 mln kishi — 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha ish haqi oladi (yanvar-mart oylarida 1,1 mln edi);
  • 888 mingga yaqin kishi — 2 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha ish haqi oladi (yanvar-mart oylarida 911 ming edi);
  • 194,8 ming kishi — 4 mln so‘mdan 5,5 mln so‘mgacha ish haqi oladi (yanvar-mart oylarida 198 ming edi).


Jadval: Moliya vazirligi

Eslatib o‘tamiz, shu kabi raqamlar dinamikasi Markaziy bank o‘tkazgan aholi daromadlari so‘rovnomasida ham qayd etilgandi. Unga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida uy xo‘jaligi o‘rtacha daromadi 2 million so‘mgacha bo‘lganlar soni deyarli uch baravarga ko‘paydi — 8 foizdan 21 foizgacha. Daromadlari 2 milliondan 4 milliongacha bo‘lgan uy xo‘jaliklari soni 39 foizdan 35 foizgacha, daromadlari 4 milliondan 6 million so‘mgacha bo‘lganlar soni esa 31 foizdan 22 foizga tushdi. Shu bilan birga, o‘rtacha daromadi 6 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklari soni 22% dan 23% ga oshdi.